Coca Cola Superliga 5-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” hamda “Qizilqum” (4:0) jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng mezbonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov uchrashuv haqidagi o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bugungi uchrashuv asabiy va qiyin tarzda kechdi. Murabbiy sifatida birinchi bo‘limdagi o‘yinimizdan ko‘nglim to‘lmadi. O‘ylagan rejalarimiz amalga oshmadi. Tajribali murabbiylardan biri sanalgan Tachmurod Agamurodov yaxshi jamoa shakllantirgani ko‘rinib turibdi. Ular birinchi taymda ancha tartibli o‘yin namoyish qilishdi.
Raqib jamoa a’zolari bizning qanday hujum uyushtirishimizni, qanday himoya qilishimizni oldindan bilgan holda harakat qildi. Shuning uchun birinchi bo‘limda qiynaldik.
Hisob o‘yinga yarasha bo‘ldi deya olmayman. Faqat so‘nggi daqiqalarda “Qizilqum” futbolchilari qarshi hujumga berilib ketishdi va biz bundan foydalandik. Bugungi o‘yin uchun, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda o‘yinimiz qovushmayotgan paytda o‘zlarida kuch topib, o‘yinda burulish yasashgani uchun shogirdlarimga minnatdorchilik izhor etaman. Birinchi bo‘limda muxlislar etishmagani sezilib turdi. Ularning tezroq maydonga qaytishlarini istaymiz. Bugungi g‘alabani muxlislarimizga bag‘ishlaymiz”, - dedi Ashurmatov.