Xabaringiz bor, ayni vaqtda koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida barchamizdan uyda qolish talab qilinmoqda. Natijada, barcha mamlakatlarda sport tadbirlari, chempionatlar, musobaqalar o‘tkazilmayapti.
Xo‘sh, o‘zbekistonlik futzalchilar karantin davrini uyda qanday o‘tkazishmoqda? Bugun bu haqda “Paxtakor”a’zosi, 2019 yilgi mavsumda O‘zbekistonning eng yaxshi futzalchisi deb topilgan, o‘tgan mavsum to‘purari Akbar Usmonov bilan suhbatlashdik.
“Barcha qatori men ham karantinni uyda, oilam davrasida o‘tkazyapman. Shunday bo‘lsada, o‘z sport formamni saqlab turish maqsadida mashqlar bajarib turibman.
9-14 mart kunlari Farg‘onada futzal chempionatining yangi mavsum 1-tur bahslari bo‘lib o‘tdi. Chempionatni a’lo darajada boshladik. Har uch bellashuvda uchta g‘alaba qayd etib, ayni vaqtda peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsakda, o‘yinlar oson bo‘ldi deb aytmagan bo‘lar edim. Boisi, jamoa tarkibiga yangi kelib qo‘shilganlar kirishib ketishi uchun vaqt kerak. Bundan tashqari, bir necha futzalchilar diskvalifikatsiya bois jamoamizga yordam bera olishmadi.
“Paxtakor” mening ilk jamoam sanaladi va shu bois bu klub men uchun alohida o‘rin tutadi. Bu erda murabbiyim Ravshan Rajabov bilan birgalikda shu darajaga chiqish uchun ko‘p mehnat qilganmiz. Shu bois, jamoaga kirishib ketishim u qadar katta qiyinchilik tug‘dirmadi. Sababi, men o‘z uyimga qaytdim.
O‘tgan mavsum to‘purari bo‘ldim. Bu yilgi mavsum esa endi boshlandi va barchasiga yil yakunida aniqlik kiritib olamiz”, – dedi Usmonov.