Superliganing 2-turidan o`rin olgan «Bunyodkor» - «Mash`al» (1:0) uchrashuvidan keyin o`tkazilgan matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar ustozi Dilyaver Vaniev ishtirok etdi.
- Barcha o`yinni ko`rdi. Qo`rqmay ayta olaman, bugun «Bunyodkor» bilan tengma-teng o`ynadik. To`g`ri, birinchi bo`limning ayrim daqiqalarida himoyalandik, lekin tanaffusdan so`ng hujumkorlikni oshirdik. Bugungi bahsda bemalol raqibdan ochko tortib olish mumkinligini tushundik. Uzoq paslar orqali raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratdik. Ammo gol ura olmadik. Qisqasi, bugun munosib o`yin ko`rsatdik. Biroq «Bunyodkor» g`alaba qozondi, ularni tabriklayman!
Ochig`i, bugun birinchi bo`limni ikkinchi jamoa sifatida o`tkazishni rejalashtirgandik. Tanaffusda yigitlarga endi hujumkorlikni oshirish lozimligini ta`kidladim. Bugun standart vaziyatlarda ham faol bo`la oldik. Bu bo`yicha ham yigitlarga alohida ko`rsatma bergandim. Ammo standartlardan ham foydalanishda oqsadik.
"Bunyodkor" matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi