Coca-Cola Superliga 2-turidan o`rin olgan “Navbahor” – “Lokomotiv” (2:0) uchrashuvidan so`ng mehmonlar ustozi Andrey Fyodorov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
“O`yin haqida gapirish juda qiyin. Biz ko`zlangan rejalarni unchalik darajada bajara olmadik. Asosiysi, “Navbahor” bizga qarshi qanday o`yin ko`rsatishini bilgandik va shunga qarab tayyorgarlikni davom ettirdik. Ayrim pallalarda bizga sabr etmadi. Yigitlar o`yin biroz asabiy o`tishini, kontaktlarga boy bo`lishini bilishgandi. Shuningdek, uchrashuvda balans etishmadi. To`p bizga tushishi bilan tezda yo`qotyapmiz. Yo`qotilgan to`pni qaytarishda esa ko`p kuch sarfladik.
Bellashuv chiroyli bo`ldi. Muxlislar ham zerikib qolishmadi, ikki tomon ham maydonda borlarini berishdi. Bizga faqatgina sovuqqonlik etishmadi. Agarda birinchi bo`limdagi vaziyatlardan foydalanganimizda barchasi boshqacha bo`lishi mumkin edi. Biroq bu futbol, urmadik, ikki gol qo`yib yubordik. O`z ustimizda ishlab, oldinga harakatlanishda davom etamiz", – dedi Fyodorov.
“Lokomotiv” va “Navbahor” matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi