Coca-Cola Superliga 2-turidan o`rin olgan “Metallurg” – “Qo`qon-1912” (1:0) uchrashuvidan so`ng mehmonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
“Bugun ikki teng kuchli jamoa o`zaro to`qnash keldi. O`yin ham teng kurashlar ostida kechdi. “Metallurg” bugun omadliroq edi va shu sababli zafar quchdi. Ularni g`alaba bilan tabriklayman. Biz esa o`z maydonimizda bo`ladigan uchrashuvga tayyorgarlik ko`rishimiz kerak.
Mehmonda o`ynaganimizga qaramay o`zimizni xuddi o`z uyimizda o`ynagandek xis etdik. Buning uchun uzoq masofadan kelib jamoamizni qo`llab-quvvatlagan muxlislarga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Yigitlar shijoat bilan harakat qilishdi. Vaziyatlar etarlicha bo`ldi. “Metallurg” imkoniyatdan foydalandi, biz esa yo`q.
“Metallurg” himoyaviy o`ynaydi deb taxmin qilgandik va shunga qarab tayyorgarlik ko`rgan edik. Asosan himoyadan hujumga chiqishda xatoliklar kuzatildi. Mezbonlarning tezkor qarshi hujumlarini to`xtatib qola olmadik. Bu ham mag`lubiyatning asosiy sabablaridan biri bo`ldi.
Bekobodliklar tarkibida bir qator tezkor futbolchilar bor. Masalan Shahzod Ubaydullaev. Doniyor Narzullaevning bugun asosiy tarkibda tushishini kutmagan edik. Boisi o`tgan tur Abror Toshqo`ziev gol kiritib, yaxshi harakat qilgan edi. Narzullaev bugun faol bo`ldi va o`yin taqdirini Narzullaevning tezkorligi hal qildi”, – dedi Ashurmatov.
“Metallurg” matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi