Bilasiz, O`zbekiston Professional futbol ligasi 2018 yilgi mavsumning har oyidan keyin to`rt yo`nalish bo`yicha eng yaxshilarni aniqlab keldi: eng yaxshi murabbiy, eng yaxshi futbolchi, eng yaxshi darvozabon va eng chiroyli gol. Tashkil etilgan so`rovnoma yakunlariga ko`ra eng ko`p ovoz to`play olgan nomzodlar tashkilotning eng yaxshilar uchun atalgan statuetkalarini qabul qilib olishdi.
2019 yilgi mavsumda ham mazkur an`anani davom ettirilmoqda. Joriy yildan e`tiboran Tribuna.uz nashri oy laureatlarini aniqlashda axborot hamkori sifatida ishtirok etmoqda. Artel savdo belgisi esa oyning eng yaxshilariga o`z smartfonlarini taqdim etib kelyapti.
Eng yaxshilarni aniqlash shartlari quyidagicha: Coca Cola Superliganing 14 klubi bosh murabbiylari hamda sardorlari ko`rsatilgan nomzodlarni uchtalikka joylashtirib chiqadi. Dastlabki o`rinda ko`rsatilgan nomzod 3, mos ravishda keyingi ikki o`rindagilar 2 va 1 ochkolik bo`ladi. Shuningdek, Tribuna.uz nashri futbol muxlislari o`rtasida so`rovnoma o`tkazdi. Bunda muxlislar ovozi katta ahamiyatga ega bo`lib, birinchi o`rinni egallagan nomzod 6, mos ravishda keyingilar 4 va 2 ochkodan qo`lga kiritadi. Yakunda eng ko`p ball to`plaganlar oyning eng yaxshilari sifatida e`tirof etiladi.
Ortda qolgan noyabr oyida Coca-Cola Superligasida 3 ta tur uchrashuvlari o`tkazildi. Mazkur o`yinlar davomida bir qator jamoalar mazmunli o`yin namoyish etib, muxlis-u mutaxassislar olqishiga sazovor bo`ldi.
Oyning eng yaxshilarini aniqlash maqsadida o`tkazilgan so`rovnoma yakunlariga ko`ra, “Bunyodkor” jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov (3 o`yin, 2 g`alaba, 1 durang) eng ko`p ochko jamg`arishga muvaffaq bo`ldi va noyabr oyining eng yaxshi murabbiyi deya e`tirof etildi.
Ta`kidlash joiz, Abramov boshqaruvida "qaldirg`ochlar" "Navbahor" (2:1) va "Paxtakor"ni (3:2) mag`lub etib, "So`g`diayona" bilan durang o`ynashdi va OChL saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo`lga kiritishdi.