
Bugun O`zbekiston Professional futbol ligasida navbatdan tashqari yig`ilish bo`lib o`tdi.
Unda O`zbekiston futbol assotsiatsiyasidan Ravshan Ermatov, Avaz Maksumov, Shoakram Isroilov hamda O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligidan Oybek Kasimov ishtirok etdi.
Yig`ilishda bosh direktor sifatida faoliyat yuritib kelgan Omon G`ofurovning tashkilot rahbarligidan bo`shash to`g`risida ariza yozganidan so`ng Professional futbol ligasiga yangi rahbar tayinlash masalasi ko`rildi.
O`zPFL Ustaviga ko`ra, O`zPFL Ijroiya qo`mitasi a`zolari tashkilot bosh direktorini tasdiqlashi lozim. Shundan kelib chiqib, O`zPFL bosh direktori lavozimiga futbol sohasida uzoq yillar mobaynida faoliyat olib borib tajriba to`plagan Davron Gayratovich Shakurbanov nomzodi tavsiya etildi.
Yig`ilishda ishtirok etgan O`FA vitse-prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ravshan Ermatov Professional futbol ligasining milliy futbolimizdagi eng muhim bo`g`inlardan biri ekanini ta`kidlab, O`zPFLning oldingi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi va ushbu mas`uliyatli davrda ish boshlayotgan yangi rahbarga omad tiladi. O`zPFL Ijroiya qo`mitasi qaroriga qadar Davron Shakurbanov O`zPFL bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Davron Shakurbanov 1972 yil tavallud topgan. Ma`lumoti – oliy. Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Turli yillarda Toshkent shahar futbol federatsiyasida mas`ul kotib, shuningdek, “Bunyodkor” klubida texnik va sport direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.