
Bugun, O`zbekiston Professional futbol ligasi binosida ayollar futboli bo`yicha 18-bor tashkil etilayotgan Kubok o`yinlariga qur`a tashlash marosimi o`tkazildi. Unda mamlakat milliy chempionati oliy ligasida ishtirok etayotgan 15ta jamoa hamda 1-liga a`zosi “Xorazm” jamoasidan vakillar qatnashdi.
Qur`a tashlashda jamoalarning mavqelariga e`tibor qaratildi. Avvaliga amaldagi chempion “Bunyodkor” hamda Kubok sohibi “Sevinch” jamoalarining musobaqaning dastlabki bosqichlaridayoq bir-biriga ro`baro` kelmasligi oldi olindi – o`zaro qur`aga ko`ra biri “setka”ning yuqorisiga, ikkinchisi quyi qismiga joylashdi. Bu tartib navbati bilan “Metallurg” va “Sho`rtan” klublari bilan ham davom ettirildi. Yakunda ikki mintaqada qatnashayotgan va quyi o`rinlarda borayotgan jamoalar uchun umumiy qur`a tashlandi.
Qur`aning yana bir ahamiyatli jihati, o`z mintaqalarida quyi o`rinlarda borayotgan jamoalar kuchli deya e`tirof etilayotgan klublarni o`z maydonlarida qabul qilishadi. Bitta o`yindan iborat bo`lgan nimchorak final uchrashuvlari g`oliblari chorak finalga yo`llanma olishadi.
Nimchorak (1/8) final o`yinlari taqvimi:
27 iyun (payshanba)
«Navbahor» - «Sevinch»
28 iyun (juma)
«Xorazm» - «So`g`diyona»
«Surxon» - «Lokomotiv»
29 iyun (shanba)
«Qizilqum» - AGMK
30 iyun (yakshanba)
«Buxoro» - «Metallurg»
«Andijanka» - «Paxtakor»
1 iyul (dushanba)
«Neftchi» - «Sho`rtan»
«Dinamo» - «Bunyodkor»
Chorak final o`yinlari 19-22 avgust kunlariga belgilangan.