O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroiya Qo`mitasi hamda O`zbekiston professional futbol ligasi Ijroiya Qo`mitasining qo`shma yig`ilishida “Zarangari” va “Ittifoq Buxoro” futbol klublarini B Pro-ligadan chetlashtirish masalasi ko`rib chiqildi.
Joriy yilning 23 aprel kuni bo`lib o`tgan B Pro-liganing 3-turi doirasidagi “Zomin” – “Zarangari” jamoalari o`rtasidagi uchrashuvga “Zarangari” futbol klubi belgilangan vaqtda kelmagani uchun jamoaga nisbatan texnik mag`lubiyat qayd etilgan edi. Shuningdek, 4 iyun kuni bo`lib o`tgan B Pro-liganing 9-turi doirasidagi “Orol” – “Zarangari” jamoalari o`rtasidagi uchrashuvga ham “Zarangari” futbol klubi belgilangan vaqtda kelmagani uchun texnik mag`lubiyat qayd etilgan. Qolaversa, “Zarangari” futbol klubi qatnashchilik badalini O`zPFLga joriy yilning 20 mart kuniga qadar to`lashi lozimligi belgilangan bo`lsa-da, o`tgan davr mobaynida futbol klubiga bir necha marotaba ogoxlantirish berilganiga qaramasdan qatnashchilik badalini hozirgi kunga qadar to`liq to`lamagani ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining “Ittifoq” futbol klubi O`zPFL tomonidan futbolchilarga berilgan tegishli litsenziyalar qalbakilashtirilgani, U-18 jamoasi tashkil etilmagani, qatnashchilik badalini O`zPFLga joriy yilning 20 mart kuniga qadar to`lashi lozimligi belgilangan bo`lsa-da, o`tgan davr mobaynida futbol klubiga bir necha marotaba ogoxlantirish berilganiga qaramasdan qatnashchilik badalini hozirgi kunga qadar to`liq to`lamagani, Buxoro viloyatining “Ittifoq” futbol klubi bosh murabbiyi Sherzod Sattorov kelishilgan o`yinlarda ishtirok etgani aniqlangani ma`lum bo`ldi.
“Zarangari” futbol klubi 2019 yilgi musobaqalarni o`tkazish reglamentining 15.8. hamda 6.24-bandiga asosan O`zbekiston chempionatining B Pro-ligasidan chetlashtiriladi.
Buxoro viloyatining “Ittifoq” futbol klubi ham 2019 yilgi musobaqalarni o`tkazish reglamentining xuddi shu bandlari hamda Intizom kodeksining 5.35-bandiga asosan O`zbekiston chempionatining B Pro-ligasidan chetlashtirildi.
Ushbu ikki jamoa hozirga qadar mavsum hisobidan o`tkazilishi lozim bo`lgan o`yinlarning yarmini hali o`ynab ulgurmagani sabab Reglamentga ko`ra, ularning hozirga qadar o`tkazgan bahslari natijalari to`liq bekor qilinadi.
Mazkur klublarga o`zlari shartnoma imzolagan futbolchilar va boshqa ishchi xodimlar bilan shartnomada shu kungacha belgilangan shartlarni to`liq bajarish majburiyati yuklanadi.
2019 yilning 12 iyun sanasidan boshlab har ikki klub futbolchilari erkin agentga aylanadi va ularga 9 iyul sanasidan boshlab boshqa klublar bilan shartnoma imzolashga ruxsat etiladi.
Klublar mazkur qaror yuzasidan 10 kun ichida O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi Appelyatsiya qo`mitasiga shikoyat qilishi mumkin.