Bilasiz, O`zbekiston Professional futbol ligasi 2018 yilgi mavsumning har oyidan keyin to`rt yo`nalish bo`yicha eng yaxshilarni aniqlab keldi: eng yaxshi murabbiy, eng yaxshi futbolchi, eng yaxshi darvozabon va eng chiroyli gol. Tashkil etilgan so`rovnoma yakunlariga ko`ra eng ko`p ovoz to`play olgan nomzodlar tashkilotning eng yaxshilar uchun atalgan statuetkalarini qabul qilib olishdi.
2019 yilgi mavsumda ham mazkur an`anani davom ettiramiz. Joriy yildan e`tiboran Tribuna.uz nashri oy laureatlarini aniqlashda axborot hamkori sifatida ishtirok etadi. Artel savdo belgisi esa oyning eng yaxshilariga o`z smartfonlarini taqdim etadi.
Eng yaxshilarni aniqlash shartlari o`zgarmaydi. CocaCola Superliganing 14 klubi bosh murabbiylari hamda sardorlari ko`rsatilgan nomzodlarni uchtalikka joylashtirib chiqadi. Dastlabki o`rinda ko`rsatilgan nomzod 3, mos ravishda keyingi ikki o`rindagilar 2 va 1 ochkolik bo`ladi. Shuningdek, Tribuna.uznashri futbol muxlislari o`rtasida so`rovnoma o`tkazdi. Bunda muxlislar ovozi katta ahamiyatga ega bo`lib, birinchi o`rinni egallagan nomzod 6, mos ravishda keyingilar 4 va 2 ochkodan qo`lga kiritadi. Yakunda eng ko`p ball to`plaganlar oyning eng yaxshilari sifatida e`tirof etiladi.
Ortda qolgan may oyida CocaColaSuperligada 4 ta tur uchrashuvlari o`tkazildi. Mazkur uchrashuvlar davomida bir qator jamoalar mazmunli o`yin namoyish etib, muxlis-u mutaxassislar olqishiga sazovor bo`ldi.
Oyning eng yaxshilarini aniqlash maqsadida o`tkazilgan so`rovnoma yakunlariga ko`ra, “Nasaf” jamoasi posboni Abduvohid Ne`matov (3 o`yin, 1 quruq o`yin, 8 seyv) eng ko`p ochko jamg`arishga muvaffaq bo`ldi va May oyining eng yaxshi darvozaboni deya e`tirof etildi.