Ayni paytga kelib A va B Pro-ligada mavsum o`zining ayni qizigan pallasiga yaqinlashmoqda. Jamoalar hozirga kelib 9 tadan uchrashuvlar o`tkazib ulgurishdi. Biroq PFL oldidagi majburiyatlarini hamon to`la bajarmay kelayotgan klublar ham yo`q emas.
Jumladan, “Ittifoq Buxoro” klubi haligacha badal pulini to`lab ulgurgani yo`q.
Professional futbol ligasi Sport musobaqalarini o`tkazish va klublarni nazorat qilish boshqarmasi yuqoridagi klublarga mazkur masalani yaqin vaqt ichida hal etish uchun ogohlantirish xati yuborgan edi. Biroq klub tomonidan zarur harakat amalga oshirilmadi.
Shu sababdan bugungi B Pro-liga 10-turi doirasidagi “G`ijduvon”ga qarshi bahsda “Ittifoq Buxoro” klubiga texnik mag`lubiyat yoziladi.
Qayd etish joiz, B Pro-liga 9-turi doirasidagi “Zomin” bilan o`yinda ham mazkur klubga texnik mag`lubiyat yozilgan edi.
Natijada “Ittifoq Buxoro” jamoasi hisobidagi texnik mag`lubiyatlar soni 2 taga etdi va endi klubni B Pro-liga bahslaridan chetlatish masalasi ko`rib chiqiladi.