
O`zbekiston Liga Kubogining 1-turidan o`rin olgan “Nasaf” – “Navbahor” uchrashuvidan so`ng mehmonlar ustozi Andrey Kanchelskis quyidagicha fikr bildirib o`tdi:
- “Nasaf” jamoasini qozonilgan g`alaba bilan tabriklayman. Ajoyib yosh futbolchilardan iborat jamoa. O`z yoshiga nisbatan ancha dadil va tartibli o`yin namoyish etishdi ular. Biz ham bugun asosiy o`yinchilarga dam bergan holda, yoshlarga imkoniyat taqdim etdik. O`yindan oldin ular bilan ko`p suhbatlashdik. Lekin afsuski uchrashuv davomida o`sha suhbatlarda aytilgan o`yin namoyish etilmadi. Mayli, mag`lubiyat yosh o`yinchilarga dars bo`ladi. Lekin bunday yirik hisobda mag`lub bo`lish va buncha ko`p gol o`tkazib yuborish ham yaxshi emas. Qolaversa, o`yinchimiz chetlatilgani ham o`z ta`sirini o`tkazdi. Shuningdek, yuzaga kelgan qulay imkoniyatlardan foydalana olmadik. Bu borada jamoamiz oqsayapti, - dedi mutaxassis.