
O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O`zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan poytaxtimizdagi Uchtepa tumanida joylashgan 431-sonli Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim muassasasida 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag`ishlab bayram tadbiri tashkil etildi.
Mazkur muassasada ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo`lgan 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalar ta`lim olishadi.
1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil qilingan sport bayrami tadbirida PFL Muxlislar bilan ishlash va ommaviy sport tadbirlarini tashkil bo`limi vakillari hamda O`zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov va milliy terma jamoa yordamchi murabbiyi Xose Fantaguchchi ishtirok etishdi.
Jaloliddin Masharipov bolalar bilan turli futbol mashqlari va qiziqarli tadbirlar o`tkazib, bolajonlarga avvalo quvonch va ularga turli sovg`a-salomlar ulashdi.
O`z o`rnida 431-sonli Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim muassasasi mudirasi Musaeva Dilnoza Mirzoxidovna O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasiga minnatdorchilik bildirib, kelgusida yana shunday tadbirlarda qatnashishga taklif qildi.