“Dinamo” – “Qizilqum” uchrashuvidan so`ng mezbonlar ustozi Davron Fayziev quyidagicha fikr bildirib o`tdi:
- Bugun jamoalar maydonda namoyish etgan chiroyli futbol avvalo ishqibozlarga manzur bo`ldi, deb o`ylayman. “Qizilqum” jamoasi tarkibi tajribali o`yinchilardan iborat ekanligi sabab bugun bizni o`z xatolarimiz evaziga jazolay oldi. Uchrashuvdan avval raqib o`yinini tahlil qilgan edik, lekin ular bugun butkul o`zgacha o`yin ko`rsatishdi. Yakunda jangovar durang qayd etildi. Yigitlarimiz bugun maydonda borlarini berib harakat qilishdi. Hozircha ko`nglim to`lmayotgan bitta jihat – yaratilayotgan qulay imkoniyatlardan unumli foydalanish ko`rsatgichimiz past. Bugun 2 ta gol urgan bo`lsak-da, o`z darvozamizdan ham 2 ta gol o`tkazib yubordik. Agar musobaqa jadvalida yuqoriroqda joylashishni istasak, o`z darvozamizni daxlsiz saqlashimiz ham lozim, - dedi mutaxassis.