
Bilasiz, Coca Cola kompaniyasi mavsum avvalida Superliga hamda O`zbekiston kubogi-2019 musobaqalari uchun titul homiy bo`lish huquqini qo`lga kiritgan edi.
Unga ko`ra, kompaniya nafaqat Superliga, balki O`zbekiston kubogi musobaqasi uchun ham homiylik qiladi.
Sekin-asta homiy tashkilotlar bilan o`zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlayotgan Professional futbol ligasi ushbu shartnomalar asosida 2019 yilda Superliga klublari uchun badal pullarini oshirmadi. Qo`shimchasiga, hakamlar, inspektorlar hamda komissarlar uchun barcha sarf-harajatlarni o`z bo`yniga oldi. Shuningdek, Superliga klublari futbolchilarining har biriga o`z yonidan chiqim qilib, 10 million so`mlik sug`urta polislari olish imkoniyatini yaratdi.
Coca Cola kompaniyasi titul homiylik qilayotgan O`zbekiston kubogi-2019 musobaqasi uchun rasmiy logotip tasdiqlandi. Logotip Coca Cola kompaniyasi logotipi elementlarini aks ettirib, qizil va oq ranglar hamohangligida yaratilgan.
Ta`kidlash joiz, O`zbekiston kubogi musobaqasi uchun shu paytga qadar hech ham alohida logotip ishlab chiqilmagan edi.