Coca Cola Superligasining 11-turi doirasidan joy olgan “Lokomotiv” — “Surxon” hamda “Buxoro” — “Paxtakor” uchrashuvlari reja bo`yicha 14 iyun kuni bo`lib o`tishi kerak edi. Mazkur o`yinlar sanasi o`zgartirildi. Endilikda “Lokomotiv” ishtirokidagi bellashuv 15 iyun sanasida, “Paxtakor”ning Buxorodagi o`yini esa 16 iyunda o`tkaziladi.
Boisi, “Lokomotiv” va “Paxtakor” klublari milliy terma jamoaga uch va undan ortiq futbolchi berayotgan jamoalar hisoblanadi. O`zbekiston milliy termasining JCh-2022 saralash o`yinlariga puxta hozirlik ko`rishi uchun O`FA iyun oyidagi FIFA kunlariga ikki emas, uch o`rtoqlik o`yini tayin qildi: 2 iyun — Turkiya, 7 iyun — KXDR, 11 iyun — Suriya. Tabiiyki, mazkur o`yinlar hamda ulardan keyingi tiklanish uchun futbolchilarga vaqt kerak bo`ladi. Shundan kelib chiqib, o`yinlar sanasi o`zgartirdi.
Taqvim tuzib chiqilgan bir vaqtda “Lokomotiv” va “Paxtakor” ishtirokidagi o`yinlar alohida inobatga olingan bo`lib, O`zPFL bu klublarning Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o`tishiga umid bildirgandi. Ya`ni, 17-18-19 iyun kunlari OChL o`yinlari bor ekani inobatga olinib, poytaxt etakchilari ishtirokidagi o`yinlar 14 iyunga tayin qilingandi. Shuningdek, O`zPFL milliy terma jamoaning uch uchrashuvda maydonga tushishini rejalashtirmagandi. Klublarimizning xalqaro o`yinlardan uzilganliklari inobatga olinsa, yuqoridagi o`zgarishlar ularning rejalariga ta`sir ko`rsatmaydi, aksincha, terma futbolchilarining tiklanib olishlari uchun imkon berilgan bo`ladi.
Ma`lumot uchun, “Lokomotiv” 11-turni o`z maydonida o`tkazadi. Milliy terma o`yinlari ham Toshkentda ekani inobatga olinib, uchrashuv 1 kun keyingi surildi. “Paxtakor” esa Buxoroga tashrif buyuradi, shundan kelib chiqib, o`yin ikki kun keyinga qoldirildi. Bu erda, shuningdek, Superliga bellashuvlarini translyatsiya qiluvchi “Sport” telekanali taklifi ham inobatga olinishi kerak. Ya`ni, Navoiy va Buxorodagi uchrashuvlarning bir kunga to`g`ri kelib qolmasligi translyatsiya masalasida muhim faktor hisoblanadi.