“Lokomotiv”: 12 yoshli qizchaga yordam beraylik

O`zPFL tashabbusi bilan boshlangan “Saratondan soyabon bo`l” xayriya aksiyasida “Lokomotiv” professional futbol klubi ham faol ishtirok etish niyati borligini ma`lum qiladi.

Shu yilning 22 yanvar kuni 12 yoshga to`lgan Ro`ziboeva Shahzodaning orzulari ulkan. Uning ham o`zi tengi qizlar bilan chopqillab o`ynagisi, birgalikda maktabga borgisi va dars qilgisi keladi.  Ammo 2017 yilning aprel oyidan beri bu qizcha saraton kasalligi bilan kurashib kelmoqda.

Shahzodaning Respublika maxsus onkologiya va radiologiya tibbiy markazida davolanish amaliyotini o`tab, muntazam shifokorlar ko`rigida bo`lishga to`g`ri kelyapti. Lekin uning yanada yaxshi davolanishi uchun Moskvaga yo`l olib, N.N. Bloxin nomidagi milliy onkologiya markazida davolanish muolajasini davom ettirishi lozim bo`ladi.

“Lokomotiv” PFK saraton xastaligi bilan kurashayotgan 12 yoshli Ro`ziboeva Shahzodani qo`llab-quvvatlaydi va uning tez orada sog`ayib ketishi uchun qo`ldan kelgancha yordam ko`rsatadi. Shu bilan birga muborak Ramazon oyida “Lokomotiv”ga befarq bo`lmagan saxovatli kishilarni ham Shahzodaga yordam qo`lini cho`zishlarini so`raymiz.

Shunday ulug` oyda ehson qilmoqchi bo`lgan futbol ishqibozlari uchun quyida Ro`ziboeva Shahzodaning dadasi Mamatkarimov Farhod Ro`ziboevich nomiga ochilgan plastik karta raqamini keltirib o`tamiz.

Kim qancha niyat qilsa, ko`nglidan kelib chiqqan holda diliga tugib qo`ygan ehsonini quyidagi plastik karta raqamiga o`tkazishi mumkin. 

      

Karta raqami: 8600 0423 5775 2319 (Mamatkarimov Farhod Ro`ziboevich)

 

Yaxshilar, 12 yoshli qizchaning tezroq sog`ayib ketishi uchun ozgina bo`lsa ham o`z hissamizni qo`shaylik.

17 may kuni bo`lib o`tadigan CocaCola Superligasining 9-turidan o`rin olgan “Lokomotiv” - “Bunyodkor” uchrashuviga tashrif buyuradigan saxovatpesha muxlislar uchun stadionga kiraverishda ehson qutisi o`rnatiladi.  

Bunda 12 yoshli qizchaga yordam qo`lini cho`zmoqchi bo`lgan insonlar o`z imkoniyatlari darajasida xayriya qilishlari mumkin. Eslatib o`tamiz, “Lokomotiv” - “Bunyodkor” uchrashuvi juma kuni bo`lib o`tadi va soat 18:45da boshlanadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb