O`zbekiston Professional futbol ligasi milliy chempionatimiz saviyasini va o`yinlar tomoshabopligini oshirish, keng jamoatchilikning milliy futbolimizga bo`lgan e`tibori hamda qiziqishini orttirish maqsadida qator loyiha va tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda.
Mavsum oldidan barcha klublarga litsenziyalash bo`yicha talablar taqdim etildi. Buning natijasi o`laroq Superliga klublari ko`plab jabhalarda, jumladan stadion hamda maydon holati bo`yicha ijobiy o`zgarishlarni amalga oshirishdi. Shuningdek, endilikda deyarli barcha klub o`z madhiyasi hamda maskotiga ega bo`ldi. Stadionlarga muxlislarni yanada ko`proq jalb etish, ularga ko`proq qulayliklar yaratish bo`yicha yangi-yangi tashabbuslar klublarga taqdim etib kelinmoqda. Shu va boshqa masalalarni atroflicha muhokama etish maqsadida bugun O`zPFL binosida Superliga klublari bosh direktorlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda O`zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G`ofurov so`z olib, mavsum boshidan buyon liga hamda klublar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, loyihalarga batafsil to`xtalib o`tdi. Ortda qolgan qisqa davr mobaynida ijobiy o`zgarishlar ko`p bo`lgani, lekin ayrim jihatlar bo`yicha hali ham kamchiliklar kuzatilayotgani ta`kidladi.
Jumladan, maydon holatining ideal tarzda bo`lishi talab qilinayotgani va bu borada aksariyat klublar yangi chim olib kelib, futbolchilar va muxlislar uchun ayni muddao bo`lgan ishni amalga oshirgani quvonarli. Lekin chimni shunday o`z holiga tashlab qo`yish emas, balki unga kerakli parvarishni mavsum davomida bir ma`romda berib borish, bu orqali esa mavsum yakuniga qadar barcha stadionlar maydoni yaxshi holatda saqlanishini ta`minlash zarur ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, muxlislar uchun stadion va sektorlarda qulayliklar yaratish, o`yin kunlari va hafta davomida klub do`konlari muntazam ishlab turishini ta`minlash, o`yin paytida esa stadionda oziq-ovqat hamda salqin ichimliklarning maqbul va arzon narxlarda sotilishini ta`minlash, o`yindan oldin va tanaffus vaqtida turli aktsiya va shou-dasturlari uyushtirish masalasiga ham jiddiy e`tibor berish lozim ekani ta`kidlandi.
Shuningdek, klublarning faqat joriy mavsum emas, balki kelasi yillar uchun ham tayyorgarlikni bugundan boshlashi lozimligi, buning uchun Litsenziyalash reglamentida ko`rsatiladigan talablar ijrosini hozirdanoq bajarishga kirishish, borgan sayin klub infratuzilmasini yaxshilashga intilish lozim ekaniga ham alohida urg`u berildi.
Qolaversa, homiy tashkilotlar bilan ishlashni, klublarga ham homiylarni jalb etishga ko`proq harakat qilish zarurligi ta`kidlandi. Bu borada klublarning marketing bo`limi faolligini oshirish, yakunda esa klubning o`z harajatlarini bemalol o`zi qoplay olishi darajasiga ko`tarilishga intilish ayni paytda dolzarb ekani bor gap. Shuningdek, klublarning muxlislarga yanada yaqinlashishi, ishqibozlari sonini ko`paytirishida media sohasida ham faollikni oshirishi, marketing bo`yicha ishqibozlarga ma`qul keladigan loyiha va tadbirlarni muntazam ravishda o`tkazib borishi zarur ekani klublar bosh direktorlariga ta`kidlandi.
Shuningdek, kecha bosh murabbiylar ishtirokida o`tkazilgan yig`ilishda ta`kidlanganidek, endi Professional futbol ligasi klublarning jismoniy tayyorgarlik bo`yicha ish rejasi bilan muntazam tanishib, tahlil etib boradi. O`yin tempini va uchrashuvlarda faol o`yin vaqtini oshirish, buning uchun futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini har doim barqaror ushlab turish masalasi bundan buyon jiddiy e`tiborda bo`ladi. Mashg`ulot maydoni, trenajyor zali bo`yicha mabodo qaysidir klubda kamchilik kuzatilsa, uni bartaraf etishga ko`mak ko`rsatiladi.
Qolaversa, so`nggi paytlarda hakamlik masalasiga Professional futbol ligasi jiddiy e`tibor qaratib kelmoqda. Joriy yildan e`tiboran PFL hakam, nazoratchi hamda komissarlar harajatlarini o`z zimmasiga oldi. Natijada klub vakillarining hakamlar bilan bevosita aloqaga chiqishiga hojat qolgani yo`q. Shu boisdan qaysidir klub vakili hakam bilan bog`lanishga harakat qilgani ma`lum bo`lsa, o`sha klub jiddiy jazolanishi alohida qayd etildi.
Yana klublar shtat jadvallariga jiddiy e`tibor qaratishi lozim ekani, har bir klubda o`z ishining ustalari faoliyat olib borishini ta`minlash, shtat bo`yicha klubda ishlashi zarur bo`lgan barcha mutaxassislarning chindan ham faoliyat olib borishini nazorat qilish bosh direktorlar zimmasiga yuklatildi.
Shuningdek, endilikda bosh direktorlardan o`z jamoasi futbolchilarining maydonda o`zlarini to`liq professional tarzda tutishlarini, odob-ahloq me`yorlaridan chetga chiqmasdan, o`yinlar payti aslo xunuk hatti-harakatlarni amalga oshirmasligini nazorat qilish, buning uchun zarur bo`lsa ma`naviyat soatlarini tashkil etish talab qilinadi.
Klublar bosh direktorlari ham milliy chempionatimiz saviyasini, klublarning infratuzilmasini yaxshilash bo`yicha berilayotgan ushbu ko`rsatmalar faqat ijobiy natija berishga xizmat qilishini bildirib, bu borada o`z taklif va mulohzalarini taqdim etishdi.
Maydonlar holati, muxlislar bilan ishlash, homiy tashkilotlar va hamkorlar sonini oshrish, litsenziyalash talablari va ularning ijrosi, hakamlik, o`yinlar tashkilotchiligi kabi ko`plab masalalar muhokama etilgan yig`ilishda barcha o`z takliflarini bildirdi, o`zaro fikr almashinib, yuqorida sanab o`tilgan sohalarda ishni yanada jadallashtirishga e`tibor berilishi kelishib olindi.