
Bilasiz, yaqinda O`zbekiston Professional Futbol Ligasi tomonidan “Saratondan soyabon bo`l” nomli xayriya aktsiyasi tashkil etilgandi.
Superliga jamoalari bilan bir qatorda, ayollar jamoalaridan “Andijanka” ham mazkur xayrli ishda faol ishtirok etishni maqsad qildi. Jamoa rahbariyati va futbolchi qizlari kuni-kecha Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialiga tashrif buyurdi.
Futbolchi qizlar mazkur markazda davolanayotgan yosh bolalar va qizlar holidan xabar olib, ularga sovg`a-salom ulashdi hamda birgalikda suhbatlashib, ularning kayfiyatini ko`tarishga mazkur dardni sabot bilan enggib o`tishga chaqirdi.
Ta`kidlash joiz, Coca Cola Superliganing 9 va 10-tur bellashuvlarida jamoalar mazkur aktsiya doirasida qator tadbirlarda ishtirok etadi. Saratonni engib o`tish kabi mashaqqat bilan kurashayotgan jajji qalblarni futbol muxlislari ham qo`llab-quvvatlashlari mumkin. Yuqoridagi turlar davomida har bir stadionga xayriya qutilari o`rnatiladi. Ularda yig`ilgan mablag`lar esa o`sha hududdagi onkologiya markazlariga o`tkazib beriladi.