
Yaqinda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, O`FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish va Superliga o`yinlarining shaffof o`tishin ta`minlash maqsadida yig`ilish tashkil etgan va unda O`FA hamda PFL mutasaddilari, Superliga klublarining bosh murabbiylari va hakamlar ishtirok etishgan edi.
Yig`ilish davomida futbolni yanada rivojlantirish borasida tegishli ko`rsatma va chora-tadbirlar, qilinishi kerak bo`lgan ishlar yuzasidan mas`ul mutasaddilarga qo`shimcha ko`rsatmalar berilgan edi.
Ta`kidlanganidek, hozirda Superliga o`yinlarda aksariyat holatlarda faol o`yin vaqti 55-60 daqiqa atrofida bo`lmoqda. Ushbu vaqtni yanada ko`paytirish, faol o`yin vaqtini oshirish maqsadida Superliga klublari ham endilikda har bir futbolchi bilan individual tarzda ishlash tartibiga o`tadi.
Hozirda milliy terma jamoa va olimpiya terma jamoa o`yinchilari bilan jismoniy tayyorgarlik borasida yakka tartibda ham shug`ullanilmoqda va endilikda ushbu holat Superliga klublarda ham tashkil etiladi.
Qolaversa, kelasi mavsumdan boshlab Superliga klublari futbolchi jismoniy holatini tekshrib, uni barqaror ravishda yaxshi sport formasini ushlab turishida ko`mak beruvchi maxsus texnikalarga ega bo`lishi ta`minlanadi.