
O`zbekiston Professional futbol ligasi sog`lom hayot tarzi uchun kurashayotgan bolalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida “Saratondan soyabon bo`l” nomli xayriya aktsiyasini boshlaganidan xabaringiz bor.
“Buxoro” futbol klubi ham ushbu aktsiyaga qo`shildi. Bugun klub rahbariyati, jamoa murabbiy va futbolchilari Buxoro viloyat onkologiya dispanseri va Buxoro viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazilarida bo`lib, bemor bolajonlar xolidan xabar olishdi.
Klub matbuot xizmatining ma`lumot taqdim etishicha, yosh bemorlarga xayriya mablag`lari ajratilib ularga sovg`alar ulashishdi. Maqsad – jamiyatning e`tiborini ushbu muammoga jalb qilib, kichkintoylar, kattalar, shifokorlar va birovning qayg`usiga befarq bo`lmagan insonlarning birgalikdagi hakaratlar bilan saraton kasalligi ustidan g`alaba qozonish mumkinligini namoyish qilishdan iborat.
Ta`kidlash joiz, Coca Cola Superliganing 9 va 10-tur bellashuvlarida jamoalar mazkur aktsiya doirasida qator tadbirlarda ishtirok etadi. Saratonni engib o`tish kabi mashaqqat bilan kurashayotgan jajji qalblarni futbol muxlislari ham qo`llab-quvvatlashlari mumkin. Yuqoridagi turlar davomida har bir stadionga xayriya qutilari o`rnatiladi. Ularda yig`ilgan mablag`lar esa o`sha hududdagi onkologiya markazlariga o`tkazib beriladi.