
Yaqinda O`zbekiston professional futbol ligasi tomonidan “Saratondan soyabon bo`l” xayriya aktsiyasi boshlangan edi.
“Qo`qon-1912” futbol klubi a`zolari ham ushbu aktsiyada faol ishtirok etishni maqsad qildi. Jamoa rahbariyati Qo`qon shahrida istiqomat qiluvchi, ayni kunlarda saraton kasalligiga qarshi kurashayotgan Umarov Rahmatillo Kamoljon o`g`li yashayotgan, Qo`qon shahar Yangi Chorsu ko`chasidagi xonadonga tashrif buyurishdi.
Klub matbuot xizmatining ma`lumot berishicha, 2005-yilning 19-avgustida tug`ilgan Rahmatilloning ham o`z tengqurlari kabi bir olam orzulari bor. U kelajakda futbolchi bo`lishni orzu qiladi hamda ushbu orzusini ro`yobga chiqarish uchun “Qo`qon-1912” futbol klubi qoshidagi futbol maktabida, murabbiy Narimon Asanov qo`l ostida mashg`ulotlarga qatnay boshlagan edi. 2017-yilning sentyabr oyida kutilmaganda uning avvaliga chap so`ngra esa o`ng qulog`i ostida shish paydo bo`ladi. Shifokorlar Rahmatilloga saraton tashxisini qo`yishadi. O`tgan salkam ikki yillik davrda Rahmatillo ota-onasi hamda qarindosh urug`lari yordamida Toshkentdagi respublika onkoligiya dispanserida hamda Buxorodagi onkologiya va radiologiya tibbiy markazida davolanish jarayonlarini boshidan o`tkazdi. Shifokorlar Rahmatilloni uzoq muddat davolanishi lozimligini ta`kidlashmoqda.
“Qo`qon-1912” futbol klubi Umarov Rahmatilloni qo`llab-quvvatlaydi. Uning kelajakda sog`ayib, o`zi orzu qilgan futbolchi bo`lishi yo`lida qo`ldan kelgan barcha yordamlarini ko`rsatadi. Bugun jamoa rahbariyati Rahmatilloga futbol to`pi, sport kiyimlari hamda turli shirinliklar taqdim qilib uning murg`ak qalbida umid uchqunlarini paydo qilishga harakat qilishdi. Ertadan esa uning dadasi nomiga ochilgan plstik kartochkaga barcha futbolchilar hamda jamoa a`zolari nomidan pul mablag`lari kelib tushishni boshlaydi.
“Qo`qon-1912” futbol klubi rahbariyati barcha Qo`qonlik futbol ishqibozlarini ham Rahmatilloni qo`llab-quvvatlashga chorlaydi. Ayni kunda Umarov Rahmatilloning dadasi Hoshimov Kamol Umarovichning nomiga plastik kartochka ochilgan. Muborak ramazon oyida ehson qilmoqchi bo`lgan muxlislarimiz quyida keltirilgan raqamlar orqali o`zlarining pul mablag`larini Hoshimov Kamol Umarovichning plastik kartochkasiga o`tkazishlari mumkin bo`ladi.