Bilasiz, 2018 yilning yanvar oyida O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniyada rasmiy tashrif bilan bo`lib, ispan futboli tajribasini mamlakatimizga olib kelish bo`yicha qator kelishuvga erishgan edi.
Natijada O`zbekiston hamda Ispaniya futbol ligalari o`rtasida yaqindan hamkorlik yo`lga qo`yildi.
O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o`rtasida 2020 yilga qadar mo`ljallangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangandi. Ushbu memorandumga ko`ra, La liga mutaxassislari marketing, futbolga oid turli dasturlar, klublar bilan ishlash, translyatsiyalar va boshqa ko`plab masalalar bo`yicha yurtimizdagi mutaxassislarga yordam beradigan bo`lishgan va o`zaro hamkorlik doirasida qator loyihalar amlga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning 6-8 may kunlari O`zbekiston Professional futbol ligasi mutaxassislari hamda Superliga klublarining marketing, xalqaro aloqalar bo`limlari xodimlari uchun Ispaniya poytaxti Madrid shahrida o`quv-seminari tashkil etilmoqda. Seminarning ilk kunida o`zbekistonlik mutaxassislar “Real Madrid” klubi qarorgohida ma`ruzalar tinglashdi. Dastlab “Real Madrid” klubining strategik rivojlanish bo`limi boshlig`i sifatida faoliyat yuritgan Xose Ramon Kapdevilya o`z tajribalari bilan o`rtoqlashdi. So`ngra “Real Madrid” klubining 2006-2009 yillardagi prezidenti Ramon Kalderon seminarni olib bordi. Klub boshqaruvi tizimida ulkan tajribaga ega bo`lgan ushbu mutaxassis asosan klub menejmenti, klubni iqtisodiy tang ahvoldan qanday olib chiqish, klubning o`z xarajatlarini o`zi qoplashi uchun amalga oshirilishi lozim bo`lgan choralar, homiylar bilan samarali ishlash bo`yicha taqdimot o`tkazdi.
Seminar davomida, shuningdek, futbol sanoatining hozirgi darajada rivojlanishida klub va liganing o`rni, klublarda marketing sohasini rivojlantirish, klublarga saviyali legionerlarni jalb etishdagi muhim omillar, qolaversa, liga nufuzi va ommabopligini oshirishda mashxur futbolchilardan unumli foydalanish kabi masalalar muhokama etildi.
Bugun o`zbek mutaxassislari “Real Madrid” akademiyasiga tashrif buyurishadi va akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishishadi. Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida La liga klublari vakillari bilan qator uchrashuvlar tashkil etiladi va o`zaro aloqalarni mustahkamlash, dunyoning ilg`or mamlakati bo`lgan Ispaniya klublarining futbolda erishgan yutuqlari va tajribalarini o`zbek klublarida ham tatbiq etish bo`yicha fikrlar almashilishi ko`zda tutilgan.