B Pro-liga 3-turi doirasidagi “Zomin” – “Zarangari” jamoalari o`rtasida bo`lib o`tgan uchrashuvda “Zarangari” jamoasi o`yinga belgilangan vaqtdan kechikib keldi. Natijada “Zarangari” jamoasiga texnik mag`lubiyat yozildi. Ushbu jamoa O`zbekiston Professional futbol ligasining 2019 yilgi musobaqalarni o`tkazish reglamenti 6.24 bandiga zid ish tutdi. Shu sabab “Zarangari” jamoasiga nisbatan Intizom kodeksining 5.30 bandiga muvofiq 10 million so`m miqdorida jarima intizom chorasi qo`llanildi.
Shuningdek, B Pro-liga 4-turi doirasidagi “Bunyodkor-2” – “Rubin” jamoalari o`rtasidagi bahsda “Rubin” jamoasi tarkibida 2001 yilda tug`ilgan ikki nafar futbolchini maydonga tushirishi lozim bo`lgan holda o`yinda faqat bir nafar futbolchi bilan harakatlandi. Bu bilan jamoa O`zbekiston Professional futbol ligasining 2019 yilgi musobaqalarni o`tkazish reglamenti 5.25 bandidagi B Pro-ligada belgilangan qoidaga amal qilmadi. Shuning uchun mazkur jamoaga nisbatan Intizom kodeksining 5.34 bandiga muvofiq 10 million so`m miqdorida jarima intizom chorasi qo`llanildi.
Qayd etish joiz, agar “Rubin” jamoasida shunday holat yana takrorlansa, ushbu klubga texnik mag`lubiyat yoziladi.