
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, O`FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish va Superliga o`yinlarining shaffof o`tishin ta`minlash maqsadida yig`ilish tashkil qildi. MOQ majlislar zalida o`tgan mazkur yig`ilishda O`FA va PFL mutasaddilari, Superliga klublarining bosh murabbiylari va hakamlar ishtirok etishdi.
Yig`ilish davomida Umid Ahmadjonov futbolimizda yuzaga kelayotgan kamchiliklar, oqsalishlar va kelishilgan o`yinlar xususida to`xtalib o`tdi.
“Futbolimizni imkon qadar tezroq Evropa darajasiga olib chiqishimiz kerak. Buning uchun barchamiz birdam bo`lib ishlashimiz talab etiladi. Kelishilgan o`yinlarga aralashgan shaxslarni og`ir jazo kutib turibdi. Futbol faqat muxlislar uchun. Hozir o`yinlarni 18 ta telekamera tasvirga olishi va VAR tizimini qo`llash bo`yicha yangi loyiha ustida ishlayapmiz. Muxlislarga shaffof o`yin namoyish qilishni ta`minlashimiz lozim. O`yin vaqtini cho`zadigan futbolchilar jiddiy jazolansin. Ularga sariq va qizil kartochkalarni ayamasdan ko`rsatinglar. Kerak bo`lca, jamoaga texnik mag`lubiyat yozilsin. Ertaga boshlanadigan yangi turdan mana shu tizimni tatbiq qilaylik”, – dedi Umid Ahmadjonov.
Yig`ilish davomida Umid Ahmadjonov futbolni yanada rivojlantirish borasida tegishli ko`rsatma va chora-tadbirlar, qilinishi kerak bo`lgan ishlar yuzasidan mas`ul mutasaddilarga qo`shimcha ko`rsatmalar berdi. Shuningdek, PFL rahbarlari muxlislar uchun stadionlarda qulay shart-sharoitlar yaratish, barcha stadionlarda oilaviy sektorlar tashkil etish, o`yin vaqtini belgilash vaqtida ko`pgina mezonlarni hisobga olish borasida kerakli topshiriqlarni qabul qilib olishdi.
Hakamlar nomidan so`zga chiqqan Ravshan Ermatov o`yinlar davomida futbolchi va murabbiylarni feyr-pleyga amal qilishga, sof o`yin vaqtini oshirishga chaqirdi. Ko`plab vaziyatlarda futbolchilar vaqt cho`zish uchun yotib olishlari xunuk holat ekanligi, bunday holatlar futbol jozibasini tushirishini ta`kidlab o`tdi.
"Dinamo" - "Navbahor" uchrashuvi haqida haligacha ijobiy fikrlar bildirilmoqda. O`yin shiddatli va kurashlarga boy tarzda, muxlislarga yoqadigan ko`rinishda o`tdi. Buning uchun har ikki jamoa bosh murabbiylariga minnatdorchilik bildirib o`tmoqchiman. Ular o`yin boshida futbolchilar maydonga yiqilib, yotib olishgan vaziyatlarda hakamlarga emas, o`z futbolchilariga e`tiroz bildirishdi. Turib o`yinni davom ettirish kerakligini ta`kidlashdi. Natijada, keyin hamma chiroyli va shiddatli o`yin guvohiga aylandi. Barcha murabbiylardan mana shunday yo`l tutishni, futbolchilar bilan tushuntirish ishlari olib borishni so`rab qolardik", - dedi Ravshan Ermatov.
Shuningdek, o`yin paytida hakamlar va raqiblarini so`kadigan, o`z hissiyotlarini jilovlay olmaydigan futbolchilarni qat`iy jazolash bo`yicha ham ish olib borilishi ta`kidlab o`tildi.