“Buxoro” – “Bunyodkor” uchrashuvidan so`ng mezbonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov quyidagicha fikr bildirib o`tdi:
- Birinchi bo`limdagi o`yinimizdan umuman ko`nglim to`lmadi, muxlislar ham norozi bo`lishdi. Yigitlar o`yinga kirishib ketisha olishmadi, "Bunyodkor" jamoasi to`pni yaxshi nazorat qilib, tezkor futbol ko`rsatdi. Ularning o`yiniga moslashish ancha qiyin kechdi. Buning oqibatida taym oxirlarida gol o`tkazib yubordik.
Tanaffusdan keyin o`yinimiz ancha jonlanib, hatto hisobda oldinga ham chiqib olgandik. Ikkinchi bo`limdagi o`yinimiz muxlislarga yoqdi, deb o`ylayman. Lekin yana o`sha himoyadagi oddiy xato sababli raqib jamoa hisobni tenglashtirdi. Afsuski, o`z uyimizda qimmatli bo`lgan 2 ochkoni yo`qotdik. O`z maydonimizdagi uchta o`yinda atigi 2 ochkoni kiritish, bu biz uchun yomon natija. Keyingi o`yinimiz yana bir tezkor jamoa "Nasaf" bilan bo`lib o`tadi, muxlislar daldasi bizga suv va havodek zarur, - dedi mutaxassis.