Bilasiz, 23-24 aprel kunlari Pro-liga jamoalari navbatdagi tur uchrashuvlarini o`tkazishadi.
Jumladan, 24 aprel, chorshanba kuni A Pro-liga 4-turi doirasida “Iftixor” jamoasi “Neftchi”ga qarshi bahs olib boradi. “Iftixor” klubi o`z uy uchrashuvlarini o`tkazadigan Oltiariqdagi stadionda hamon qurilish ishlari yakunlanib ulgurmagani bois mazkur uchrashuvda “Neftchi” jamoasi mezbon maqomida o`ynaydi va uchrashuv “Neftchi” maydonida bo`lib o`tadi.
Qayd etish joiz, “Iftixor” jamoasiga joriy mavsum hisobidan oxirgi marta bunday imkoniyat shartli ravishda taqdim etilmoqda. Keyingi uy uchrashuviga qadar mazkur klub o`z stadionini to`la ta`mirdan chiqarib ulgurishi shart.
Shuningdek, 23 aprel, seshanba kuni B Pro-ligada ham 3-tur uchrashuvlari o`tkaziladi. Mazkur tur doirasida “Rubin” jamoasi “Andijon-2”ni qabul qiladi. Ushbu klub o`z uy o`yinlarini o`tkazadigan Ohangarondagi stadion maydoni holatiga 3 kun yog`gan yomg`ir o`z ta`sirini ko`rsatdi. Shu sababdan ohangaronliklar mazkur o`yinni Qibrayda o`tkazish so`rovi bilan chiqishdi va PFL vaziyatni inobatga olgan holda “Rubin” klubiga bu galgi bahsni Qibrayda o`tkazishga ruxsat berdi.