
18 aprel kuni O`zbekiston kubogining 1/32 final bosqichiga qur`a tashlash marosimi bo`lib o`tadi. “Sport” telekanali bilan kelishuvga ko`ra, mazkur qur`a jarayoni soat 16:00da boshlanadigan “Gol” ko`rsatuvi davomida amalga oshadi.
2019 yilgi mavsumda O`zPFL Superliga uchun 14, A Pro-ligasi uchun 8 hamda V Pro-ligasi uchun jami 16 ta klubni ro`yxatdan o`tkazdi. O`zbekiston kubogida mazkur jamoalardan faqatgina “Bunyodkor-2” hamda “Andijon-2” jamoalari ishtirok etmaydi. Ular farm-klub maqomida bo`lgani sababli, faqatgina V Pro-liga uchrashuvlaridagina qatnasha oladi.
1/32 final uchrashuvlari taqvimda 30 aprel hamda 1 may kunlari o`tkazilishi avvaldan belgilab qo`yilgan. Unga qadar esa 19 aprel kuni O`zbekiston kubogi uchun saralash uchrashuvlari bo`lib o`tadi. Sharqiy mintaqadan saralashda “Chig`atoy” hamda “Yashnobod” klublari o`zaro o`yin bilan ishtirok etadi. G`arbiy mintaqada esa Navoiy hamda Buxoroning “Ittifoq” jamoalari o`zaro kuch sinashadi. Mazkur uchrashuvlar g`olibi 1/32 finalda to`p surish huquqini qo`lga kiritadi.
Ular safiga keyingi bosqichda V Pro-liganing “Yangier”, “G`ijduvon”, “Lokomotiv-BFK”, “Rubin”, “Zarangari”, “Orol”, “Turon”, “Rash-Milk”, “Zomin”, “Zirabuloq” klublari qo`shiladi. Jami 12 ta klub olti juftlikka ajratiladi. Bosqich g`oliblari 1/16 final chiptasini qo`lga kiritadi.
1/16 finaldan boshlab musobaqaga Superliganing 10 hamda A Pro-liganing 8 jamoasi qo`shiladi. 1/8 finaldan boshlab esa “Lokomotiv”, “Paxtakor”, “Navbahor” va AGMK jamoalari turnirdagi ishtirokini boshlaydi.
2019 yildan boshlab Coca Cola homiyligida o`tadigan mazkur turnirda har bir bosqich faqatgina 1 ta uchrashuvdan iborat bo`ladi. G`olib asosiy va qo`shimcha daqiqalarda aniqlanmasa, penaltilar seriyasi yordamga keladi. Qur`a marosimlari Sport-TV orqali jonli namoyish etib boriladi. Qur`ada barcha jamoalar bitta savatga solinadi. Birinchi chiqqan jamoa mezbon, ikkinchisi uning mehmoni bo`ladi.
Faqatgina bir jihatga e`tibor qilish kerak. Stadionlar bo`yicha talabga ko`ra, agar mezbon jamoaning stadioni O`zbekiston kubogi uchrashuvlari talabida bo`lmasa, mazkur jamoa qur`adan keyingi uch kun ichida yoki talab darajasidagi maydon topishi yo bo`lmasa mehmon jamoa maydonida to`p surishi kerak bo`ladi. V Pro-ligasining maydoni talab darajasida bo`lgan klublari uyiga Superliganing eng yaxshi jamoalari ham tashrif buyurishi mumkin.