
O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tashabbusi bilan poytaxtimizda klublarni litsenziyalash jarayonida moliyaviy me`zonlar mavzusida amaliy seminar bo`lib o`tmoqda.
Bugun 15 aprel kuni PFL binosida mazkur seminar start oldi. Unda Superliga hamda A Pro-liga klublari vakillari, xususan klublarning moliyaviy sohasiga javob beruvchi xodimlari ishtirok etishmoqda. Seminarni OFKning klublarni litsenziyalash bo`yicha maslahatchisi Samuel Pantradil hamda OFKning klublarni litsenziyalash bo`yicha menejeri Avi Gupta olib bormoqda.
Seminar davomida OFK vakillari klublarning litsenziyadan o`tish jarayonida moliyaviy hujjatlarni to`g`ri yo`lga qo`yilgani hamda klubda moliyaviy ishlar tizimli tarzda to`g`ri olib borilayotgani muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi. Seminarda klub moliya tizimida e`tibor qaratilishi lozim bo`lgan jihatlar, ushbu sohada ilg`or mamlakatlar tajribalarini yo`lga qo`yish, bunda OFKning asosiy e`tibor qaratadigan jihatlari to`g`risida klublar vakillariga batafsil ma`lumot berilmoqda.
Shuningdek, seminarda bir qator auditorlik idoralari ham ishtirok etishmoqda. Ular ham OFK tomonidan moliyaviy sohada urg`u beriladigan jihatlarni to`la o`rganib, klublarning qarzdorlik masalalarini tezda bartaraf etish, har bir klub moliyaviy tizimini to`g`ri yo`lga qo`yishda o`z tavsiyalari va maslahatlarini bildirishadi.
OFKning klublarni litsenziyalash jarayonida moliyaviy me`zonlar mavzusidagi seminari 2 kun davom etadi. Ertaga seminar ishtirokchilari moliyaviy menejment bo`yicha amaliy mashqlar o`tkazishi ko`zda tutilgan.