Coca Cola Superliganing 4-turidan joy olgan “Lokomotiv” — AGMK o`yini “temiryo`lchilar”ning uy arenasida 14 aprel kuni bo`lib o`tishi kerak edi.
Toshkentga yuqori martabali mehmonlarning tashrifi munosabati bilan “Lokomotiv” futbol klubi mazkur bellashuvni TTYMI stadioniga ko`chirishni so`rab, O`zPFLga murojaat bilan chiqdi. Vaziyat o`rganib chiqilib, “Lokomotiv” futbol klubining taklifi qanoatlantirildi. O`yin avval belgilangani kabi 18:20 da emas, balki 16:45 da start oladi. Sababi TTYMI stadioni maysasi talabga javob bersa-da, yoritish tizimi haqida bunday fikr bildirib bo`lmaydi.
Uchrashuv yakshanba kuni bo`lib o`tishi inobatga olinsa, stadion va vaqtning bir necha daqiqaga o`zgarayotgani futbol muxlislariga noqulaylik tug`dirmaydi. O`zPFL futbol muxlislaridan yuqoridagi holatni to`g`ri tushunishlarini so`raydi.
Ayni vaqtda Superliga o`yinlarini translyatsiya qilayotgan “Sport” bu kabi masalalarni kamida bir hafta avval rejalashtirishi inobatga olinsa, murakkablik aynan telekanal bilan bog`liq bo`lishi mumkin. “Sport” 16:15 da start oladigan “Surxon” — “Paxtakor” hamda 18:20 da boshlanadigan “Lokomotiv” — AGMK o`yinini jonli ko`rsatishni rejalashtirgandi. Yuqoridagi holat telekanal rejalarining o`zgarishiga sabab bo`ladi.