
Ayollar futboli bo`yicha yangi mavsum start olishiga ham sanoqli kunlar qolmoqda.
Bilasiz, o`tgan mavsum yakunlariga ko`ra “Bunyodkor-W” jamoasi yakunda 75 ochko jamg`arib, o`z tarixida ilk marta O`zbekiston chempioniga aylangan edi. “Sevinch” jamoasi futbolchi qizlari esa mamlakat Kubogiga ega chiqishgandi.
2019 yilgi mavsum avvalida esa ushbu ikki klub mamlakat Superkubogi uchun bahs olib borishadi. O`zbekiston Superkubogi-2019 uchrashuvi 12 aprel kuni “Jar” stadionida bo`lib o`tadi.
O`zbekiston Professional futbol ligasi mazkur uchrashuvni yuqori saviyada tashkillashtirish maqsadida bir qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Jumladan, o`yin oldidan elimiz suygan san`atkorlar ishtirokida shou kontsert dasturlari bo`lib o`tadi. Shuningdek, ilk marta ayollar futboli bo`yicha Superkubok bahsi bosh homiyga ega bo`ladi.
Yodingizda bo`lsa, erkaklar jamoalari o`rtasidagi O`zbekiston Superkubogi-2019 o`yiniga ham Turkiyaning KOC Elektrik kompaniyasi bosh homiy bo`lgan edi. Mazkur kompaniya vakillari ikki tomon o`rtasida yo`lga qo`yilgan hamkorlikdan mamnun ekanini bildirgan holda ayollar jamoalari o`rtasidagi Superkubok bahsiga ham homiylik qiladigan bo`ldi.
O`zbekiston Superkubogi-2019
“SEVINCh” - “BUNYoDKOR”
Jar stadioni. 16:00 / 12 aprel.