“Metallurg” – “Buxoro” uchrashuvidan so`ng mehmonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov quyidagicha fikr bildirdi:
- Jamoamiz bugun yomon o`yin ko`rsatmadi. Biroq o`z darvozamizdan gol o`tkazib yuborgach, o`z o`yinimizni topib olishda qiynaldik. “Metallurg” safida mahoratli futbolchilar ko`p ekanligi bugungi o`yinni aynan bekobodliklar foydasiga hal bo`lishiga sabab bo`ldi. “Metallurg” klubi haqli tarzda g`alabaga ega chiqqanini ayta olaman. Bugungi bahs bizga hali ayrim jihatlar ustida ko`p ishlashimiz lozim ekanini ko`rsatib berdi. Zero AGMKga qarshi o`yindan so`ng yigitlarda ancha ishonch paydo bo`lgan edi. Lekin bugun bir qator jihatlar ustida hali ishlashimiz lozim ekanini bilib oldik. Yana shuni ayta olamanki, bugun bizni bevosita stadiondan qo`llab-quvvatlash uchun bir qator buxorolik ishqibozlar tashrif buyurishgan edi. Yigitlarimiz aynan shu muxlislar uchun ham yaxshi o`yin namoyish etib berishi lozim edi. Lekin endi kelgusi o`yinlarda muxlislarimizni xushnud etish uchun urinamiz, - dedi murabbiy.