
Bilasiz, keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarning sportga, xususan, futbolga bo`lgan e`tibori va qiziqishini orttirish maqsadida Professional futbol ligasi tashabbusi bilan Superliga klublari tez-tez turli o`quv maskanlarida uchrashuvlar tashkil etishi an`anasi yo`lga qo`yildi.
Bugun “Bunyodkor” jamoasi rasmiylari, murabbiy va futbolchilari Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga tashrif buyurdi.
Talabalar bilan uchrashuv o`tkazildi. Dastavval talabalarga “Bunyodkor” jamoasi haqida to`liq ma`lumot berildi. Talabalar klubning tarixidan tortib, bugungi kunigacha bo`lgan barcha ma`lumotlardan voqif bo`lishdi. Bosh murabbiy jamoaning yangi mavsumga tayyorgarligi haqida gapirib o`tdi. Shundan so`ng talabalar o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Uchrashuv yakunida institut bilan “Bunyodkor” futbol klubining o`zaro hamkorligi shu bilan to`xtab qolmasligi aytildi va o`zaro rejalar muhokama qilindi. “Bunyodkor” futbol klubi institut muzeyi uchun bir qator estaliklar taqdim qildi. Xususan, futbolchilarning dastxati tushirilgan to`p, sharf, futbolka va shu kabi suvenirlar.
Ma`lum bo`lishicha, institut talabalaridan iborat jamoa shahardagi oliygoh jamoalari orasida etakchilaridan biri ekan. Aynan talabalarning iltimos-taklifiga ko`ra, “Bunyodkor” bilan institut jamoasi o`rtasida o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazilishi kelishib olindi.