O`zPFL rahbariyati AGMK klubining yangi mavsumga tayyorgarligi bilan tanishdi

Kecha O`zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G`ofurov boshchiligidagi guruh Toshkent viloyati klublarining yangi mavsumga umumiy tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, O`zPFL rahbari Olmaliqning AGMK klubiga tashrif buyurdi va klubning stadioni, yangi qurilishi mo`ljallanayotgan qarorgoh hamda akademiyasi, klub ish faoliyatini ko`zdan kechirdi.

Joriy mavsumda o`z tarixida ilk marta xalqaro maydonda to`p surgan AGMK klubi 2019 yilgi mavsumga umumiy olganda yaxshi hozirlik olib bordi. Klub o`z stadionini birlamchi ta`mirdan chiqardi. OAV vakillari uchun media-tribuna hamda mikst-hududlar barpo etildi. Maydon holati ham yaxshi darajada bo`lishi ta`minlab kelinyapti. Omon G`ofurov dastlab klub ayni paytda uy uchrashuvlarini o`tkazayotgan ushbu OKMK sport majmuasiga tashrif buyurdi va stadion hamda klubning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida O`zPFL rahbari AGMK klubi prezidenti – “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov bilan ham suhbatlashdi. Klub prezidenti ta`sischi korxona tomonidan AGMK klubining infratuzilmasini yaxshilash borasida qator loyihalar amalga oshirilayotgani haqida so`zlab berdi. Jumladan, yaqin vaqt ichida AGMK klubi o`z akademiyasini barpo etish ishlarini boshlashi qayd etildi. Shuningdek, Olmaliq ahlining, jumladan, 30 mingga yaqin ishchi mehnat qiluvchi “Olmaliq KMK” AJ ishchi-xodimlarining AGMK jamoasi uy uchrashuvlariga ko`proq tashrif buyurishlarini ta`minlash maqsadida mazkur klub uy o`yinlarini mazkur korxona ishchilari vaqtiga to`g`ri keladigan tarzda belgilash masalasi ham muhokama qilindi.

Shundan so`ng, O`zPFL bosh direktori rahbarligidagi guruh AGMK klubining eski stadioni – “Metallurg” o`yingohiga tashrif buyurdi. Ushbu stadion hududida AGMK jamoasining yangi qarorgohi barpo etilishi ko`zda tutilgan. Rejaga ko`ra, stadion hududida jamoa asosiy tarkibi uchun qarorgoh, yangi akademiya hamda ayollar va futzal jamoalari uchun maydon va zallar ham quriladi. Qurilish jarayoni yaqin vaqt ichida boshlanishi mo`ljallanmoqda. 

AGMK klubi infratuzilmasini yaxshilash, jamoaga yangi qarorgoh va akademiya qurish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar, amaliy rejalar O`zPFL rahbarida ancha iliq taassurot qoldirdi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb