Kecha O`zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori Omon G`ofurov Bekobodga tashrif buyurdi va “Metallurg” futbol klubining yangi 2019 yilgi mavsumga qanday tayyorgarlik ko`rayotganligi bilan yaqindan tanishdi.
O`zPFL rahbariyati dastavval “Metallurg” markaziy stadionida bo`ldi va 29 mart sanasida 2-turning “Buxoro”ga qarshi o`tkaziladigan uchrashuviga tayyorgarlik jarayonini ko`zdan kechirdi. Yangi mavsum arafasida stadionda olib borilgan ta`mirlash ishlari PFL rahbariyatiga manzur bo`ldi. Ayni paytda Bekobod shahri bosh o`yingohi o`zgacha chiroy kasb etgan. Stadion tribunalarida o`rindiqlar yangilangan, oilaviy, nogiron sportchilar uchun maxsus sektorlar ajratilgan va barcha qulayliklar yaratilgan. Nufuzli mehmonlar uchun VIP ham CIP sektorlari ham qayta jihozlangan. OAV vositalari xodimlari, TV hamda Radio sharhlovchilari uchun alohida xonalar barcha qulayliklari bilan tartibga keltirilgan. Eng asosiysi mehmonlar maydonning bugungi holatidan to`liq qoniqish hosil qilishdi.
Coca Cola Superliga bahslari arafasida “Metallurg” markaziy stadionining sug`orish tizimi zamonaviylashtirildi, drenaj ishlari qaytadan ko`rib chiqildi. Yam-yashil va tekis maydon futbol uchrashuvlarining boshlanishini sabrsizlik bilan kutayotgandek go`yo.
Omon G`ofurov rahbarligidagi guruh a`zolari futbolchilarning kiyinish, yuvinish xonalari, hakamlar, nazoratchi, komissar xonalarini kirib ko`rishdi. U-21 uchrashuvlari o`tkaziladigan “Metallurg” stadionida bo`lishdi. Futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari uchun qayta ta`mirdan chiqarilgan yotoqxona, Bekobod shahri hokimligi qaroriga binoan yangi akademiya maydonlarini qurish uchun ajratilgan er uchastkasi, qurilish loyiha maketi bilan tanishishdi. Professional futbol klubini yaratish borasida Bekobod shahrida olib borilayotgan ishlar O`zPFL vakillarida iliq taassurot qoldirdi.
Ta`kidlash joiz, mazkur tashrif davomida “Metallurg” klubi prezidenti – “O`zmetkombinat” boshqaruv raisi Tohir Azamatov ham bevosita qatnashdi va klub infratuzilmasini yaxshilash bo`yicha olib borilayotgan ishlar xususida O`zPFL rahbariyatiga atroflicha ma`lumot berdi. Shuningdek, “O`zmetkombinat”da 13 mingga yaqin ishchi mehnat qilishini, mazkur korxonaning Bekobod shahrida tutgan o`rnini inobatga olgan holda “Metallurg” klubining uy uchrashuvlarini “O`zmetkombinat” xodimlarining bo`sh vaqtlariga qarab belgilash masalasi ham muhokama etildi.