O`zbekiston Professional Futbol Ligasi o`z oldiga qo`ygan asosiy vazifalardan biri – muxlislarga manzur bo`ladigan tomoshabop va qiziqarli, raqobatga boy chempionat tashkil etish hamda bu orqali stadionlarga ishqibozlar tashrifini ko`paytirishdan iborat sanaladi.
O`tgan 2018 yilgi mavsumda stadionlarga yanada ko`proq tomoshabin jalb etish, ishqibozlarning milliy futbolimiz va chempionatimizga bo`lgan qiziqishini oshirish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirildi.
Stadionlarda oilaviy sektorlar tashkil etildi, jamoalar stadionlarida o`z rasmiy do`konlarini ishga tushirishdi, uchrashuvlar oldidan elimiz suygan san`atkorlar tomonidan turli kontsert dasturlari va aktsiyalar o`tkazish yo`lga qo`yildi, ramazon oyi vaqtida tomoshabinlarga bepul iftorliklar ham taqdim etildi. Natijada 2017 yilgi mavsum bilan solishtirganda 2018 yilgi mavsumda milliy chempionatimizning har bir o`yiniga tashrif buyuradigan muxlislar o`rtacha soni deyarli 2 baravarga oshdi (o`rtacha har bir uchrashuvga kelgan muxlis soni: 2017 yilda 4386 nafar tomoshabin; 2018 yilda esa 8050 nafar tomoshabin).
Professional Futbol Ligasi mazkur tashabbusni 2019 yilda ham davom ettiradi. Yaqinda start olgan yangi mavsumda ichki chempionatimizga bo`lgan qiziqishni yanda orttirish va stadionlarga imkon qadar ko`proq ishqibozlar kelishini ta`minlash maqsadida amalga oshiriladigan loyihalar rejasi ishlab chiqilgani haqida oldinroq ma`lumot bergan edik.
Unga ko`ra, har bir klubning shtat jadvali asosida ishga olingan muxlislar klubi etakchisiga yanada ko`proq mas`uliyat va vakolatlar taqdim etildi. Muxlislar klubi etakchilari oldiga qo`yiladigan asosiy vazifa esa – o`z sevimli jamoasi ixlosmandlarini yanada ko`paytirib, ularni yagona fan-klubga birlashtirish bo`ladi. Bu borada etakchilarga klub va PFL tomonidan amaliy ko`mak ko`rsatiladi.
Qolaversa, o`tgan mavsumda talab qilingan, ammo ijrosi ayrim klublar tomonidan paysalga solingan klub ramzi (maskot) va madhiyasini ishlab chiqish masalasi ham 2019 yildan e`tiboran majburiy bo`ladi. Endilikda har bir klub (agar klub ramzi yoki madhiyasi mavjud bo`lmasa) klub nomi, joylashgan shahri, klubning asosiy ranglari, unga muxlislik qiladigan auditoriyadan kelib chiqqan holda o`z ramzi hamda madhiyasini ishlab chiqishi lozim. Bu orqali CocaCola Superliga-2019 o`yinlari mobaynida o`yindan oldin, tanaffus vaqtida va uchrashuvdan so`ng stadionda klubning o`z madhiyasi yangrashi ta`minlanadi. Zero har bir jamoaning o`z ramzi va madhiyasiga ega bo`lishi – ushbu jamoani qo`llab-quvvatlovchi muxlislarni yanada jipslashtirishi jahon tajribasidan ma`lum. Bu borada klublar qanday ish olib borayotgani bilan navbatma-navbat tanishtib boramiz.
Ortda qolgan Coca Cola Superliga 1-tur uchrashuvlari orasida eng ko`p muxlis “Paxtakor” – “Lokomotiv” o`yiniga tashrif buyurdi. Toshkent derbisini “Paxtakor” stadionida bevosita 17550 nafar tomoshabin kuzatib bordi.
Bugun “Paxtakor” klubining muxlislar bilan ishlash bo`yicha amalga oshirayotgan loyihalari haqida to`xtalib o`tamiz.
Klub matbuot xizmati rahbari Behzod Nazarovning ta`kidlashicha, “Paxtakor” hamisha muxlislarga qulaylik yaratish, ularning stadionga ko`proq kelishini, jamoasini bevostida stadiondan turib qo`llab-quvvatlashini ta`minlashga urinib keladi. Bu yo`lda “Sherlar” jamoasi bir qator loyihalarni muntazam ravishda o`tkazib keladi.
Jumladan, klub veb-saytida, ijtimoiy tarmoqlarida o`yinning afishalari navbatdagi uchrashuvdan 5-6 kun avval berila boshlanadi. Qolaversa, shahar bo`ylab 200-500ta atrofida kichik va katta hajmdagi afishalar joylashtiriladi. Shaharning ayrim ko`chalaridagi ko`zga tez tashlanadigan joylarda o`rnatilgan reklama bannerlarida ham “Paxtakor”ning navbatdagi uy uchrashuvi anonslari berib boriladi.
Shuningdek, klub bir qator o`quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlamoqda va talabalarga o`qishdan bo`sh paytlarda o`yinlarga tashrif buyurishlari uchun bepul chiptalar taqdim qilinmoqda.
“Paxtakor” klubi marketing xizmati boshlig`i Avaz Mutalovning aytishicha, “Paxtakor” har yilgidek 2019 yilgi mavsumda ham o`yinlar tanaffusi vaqtida yutuqli lotoreyalar o`yini o`tkazib boradi. Shuningdek, o`yin oldidan va tanaffus vaqtida elimiz suygan san`atkorlar ishtirokida kontsert dasturlari ham tashkil etilmoqda.
“Paxtakor”ning rasmiy do`koni ham hafta davomida faoliyat ko`rsatadi. Do`konda jamoa liboslari, turli atributikalar savdosi muntazam ravishda olib boriladi. Unda klub ishqibozlari sevimli jamoasining sharf hamda boshqa atributikalarini harid qilish imkoniga egalar.
Yana bir jihatga alohida e`tibor qaratish lozim: Professional Futbol Ligasi barcha klublarda o`z ramzi, madhiyasi bo`lishini ta`minlashga harakat qilmoqda. Ayrim klublar ushbu jihatga biroz mas`uliyatsiz yondoshayotgan bir pallada, “Paxtakor” klubi jamoa maskoti hamda madhiyasini yaratish bo`yicha barchaga o`rnak bo`la oladigan tarzda ish olib bormoqda.
Ushbu klubda maskot – “Leao” nomli sher ancha vaqtdan buyon mavjud. Joriy mavsumdagi o`yinlarda ham ushbu maskot o`yin davomida turli sektorlarga murojaat qilib, ishqibozlarni sevimli jamoalarini yanada qizg`in qo`llab-quvvatlashga chorlamoqda.
Shuningdek, “Paxtakor” jamoasi 2019 yilda o`z ishqibozlariga yana bir yangi klub madhiyasini taqdim etdi. DJ PILIGRIM tomonidan kuylangan mazkur madhiya ko`pchilika manzur bo`lgani bor gap.
Umumiy qilib aytganda, “Paxtakor” klubi o`z ishqibozlari safini kengaytirish, asl muxlislari sonini orttirish, ularni stadionga kelishlarini ta`minlash borasida maqtashga arzigulik tarzda ish olib bormoqda.
Qolgan klublarning ham bu boradagi faoliyati xususida navbatma-navbat ma`lumot berib boramiz.