Bugun O`zPFL binosida Superliga klublari vakillari ishtirokida yig`ilish o`tkazildi. Yig`ilishda marketing, homiylar bilan ishlash, stadionga ko`proq muxlislar kelishini ta`minlash, klublarning sodiq va ashaddiy ishqibozlari sonini oshirish uchun amalga oshirlishi lozim bo`lgan jihatlar muhokama qilindi.
Ta`kidlash lozim, ushbu yig`ilish konstruktiv muloqot tarzida tashkil etildi va yig`ilishda klublar vakillari barcha masalalar bo`yicha savollarga javob olishdi. Dastlab, marketing va ushbu mavsumda titul homiy bilan bog`liq masalalar muhokama qilindi. Xabaringiz bor, ushbu mavsumda O`zbekiston Professional futbol ligasi yangi titul homiy – Coca Cola brendi ostidagi dunyoga mashhur kompaniya bilan shartnoma imzoladi. Unga ko`ra, ushbu titul homiy mavsumda barcha eksklyuziv va tijoriy huquqlarga egalik qilish bilan birga, klublarga merchendayzing va savdo shahobchalari bilan bog`liq masalalarda yordam ko`rsatadi.
Professional Futbol Ligasi marketing boshqarmasi ushbu mavsum uchun yangi tijoriy reglament ishlab chiqdi hamda klublarga taqdim etdi. Ta`kidlash lozim, bunday reglament birinchi marta klublar uchun taqdim etildi. Klublar tijorat bilan bog`liq masalalarda aynan ushbu reglament asosida ishlashi va unga bo`ysunishi belgilandi.
Yig`ilish davomida klublarga chempionat yangi titul homiysi bilan bog`liq masalalarda qanday engilliklar berilishi yuzasidan savol bilan murojaat qilishdi. Avvalroq, yangi titul homiy bilan bog`liq savollarga tashkilot javob bergan va yordam asosida klublardan ayollar futbol klublari uchun badal pullaridan voz kechgani, shuningdek, ligalardagi futbolchilarni sug`urtalashni o`z zimmasiga olgani haqida ma`lumot bergan edi. Hozircha O`zPFL klublar tomonidan amalga oshiriladigan ma`lum harajatlar (hakam, nazoratchi va komissarlar yo`l harajatlari)ni bir qismini o`z hisobidan amalga oshirishi, keyinchalik bosqichma-bosqich homiylik pullaridan klublarga ham tegishli qismini ajratishi ta`kidlandi.
Yig`ilish davomida yana muxlislar bilan ishlash masalasiga jiddiy e`tibor berilishi muhokama qilindi. Hozirga kelib, Superliganing ayrim klublarida muxlislar bilan ishlash, muxlislarni stadionlarga jalb qilish kabi masalalarda kamchiliklar borligi aytildi. Klublar O`zPFL tomonidan qo`yilgan talablarni ayrim holatlarda bajarmayotgani, bu masalaga yaxshiroq e`tibor qaratishi lozimligi uqtirildi. Masalan, ayrim klublar hozirga kelib muxlislar bilan ishlash uchun maxsus shtat ochmagani va ishga mutaxassis jalb etmagani aniqlandi. Klublar bu borada yana bir marta O`zPFL tomonidan jiddiy ogohlantirildi. Chempionatning navbatdagi tur o`yinlari oldidan bu kamchiliklar bartaraf etilishi shart qilib belgilandi va kamchliklar bartaraf etilmasa, ularga nisbatan jiddiy sanktsiyalar qo`llanilishi haqida yana bir marta ogohlantirildi.
Shuningdek, har bir klubning muxlislari auditoriyasini kengaytirish, sodiq va ashaddiy ishqibozlari sonini ko`paytirishda marketing hamda muxlislar bilan ishlash bo`limi o`rni muhim ekani alohida qayd etildi. Zero har bir klubning stadioni hududida klub do`koni muntazam faoliyat ko`rsatsa, unda klub attributikalari savdosi hamyonbop narxda bo`lsa, uchrashuvlar davomida stadionda klub madhiyasi yangrab, klub maskoti ishqibozlarni ruhlantirib tursa, klub va muxlislar o`rtasidagi aloqa yanada yaqinlashishi, klub shunchaki emas, balki chin ma`noda o`z ishqibozlariga yaqin bo`lishi ta`minlanadi. Buning uchun har bir klub futbolchilari va muxlislar o`rtasida tez-tez uchrashuvlar, dastxat-shoulari tashkil etilishi belgilandi.