Xabaringiz bor, 2018 yilgi mavsum avvalida Professional futbol ligasi sovrinli o`rinlarni egallagan futbol klublariga ma`lum miqdorda mukofot pullari va`da qilgan edi.
Oldinroq Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi hisobiga Superligada 2-o`rinni egallagani uchun 800 million so`m, shuningdek, futzal jamoasi mamlakat chempionatida 2-o`rinni qo`lga kiritgani uchun 200 million so`m o`tkazib berilgan edi.
Professional futbol ligasi klublar bo`ynidagi qarzdorlik masalalari hal bo`lishiga qarab, rag`batlantiruvchi mukofot pullarini o`tkazib borishni rejalashtirgan.
O`tgan mavsumda Superliga bronza medallariga ega chiqqan Namanganning “Navbahor” klubi mavjud qarzdorliklarini deyarli to`liq bartaraf etdi. Klub faqatgina Davron Xoshimov oldidagi qarzdorlikni to`liq hal etib ulgurmadi. Agar mazkur masala yaqin vaqt ichida echim topmasa, “Navbahor”ga nisbatan sanktsiyalar qo`llanilishi ehtimoli bor. Qolgan jihatlar bo`yicha klubda qarzdorliklar mavjud emas.
Shu boisdan “Navbahor” klubi ham birinchilardan bo`lib mukofot pullarini qabul qilib oldi. Klub hisobiga 3-o`rin uchun belgilanganidek 700 million so`m o`tkazib berildi.
Qayd etish joiz, O`zbekiston Professional futbol ligasi qolgan barcha klublarga ham va`da qilingan mukofot pullarini bosqichma-bosqich o`tkazib berish bo`yicha muzokaralar olib bormoqda.