Kecha “Lokomotiv” istirohat bog`ida “Lokomotiv” futbolchilari va muxlislar o`rtasida uchrashuv tashkil qilindi. Uch soatga yaqin davom etgan tadbir istirohat bog`iga tashrif buyurgan hamyurtlarimizda, ayniqsa o`smir-yoshlarda iliq taassurot qoldirdi. Chunki yoshlar o`zlarining sevimli futbolchilari bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo`lishdi.
O`lkamizda bahor havosi kezib yuribdi, Navro`z yaqin, shu bois bunday tadbir o`tkazish ayni muddao bo`ldi. Aytish mumkinki, mazkur uchrashuv “Lokomotiv” istirohat bog`ining majoziy ma`noda ochilish mavsumini boshlab berdi. Futbolchilar o`z muxlislariga dastxat ulashib esdalik suratga tushishdi. Tadbir davomida bir guruh san`atkorlar va guruhlar ham o`z chiqishlari bilan saylga kelganlarni xushnud etishdi.
Bunday tadbirlar jamoani muxlislari bilan yanada yaqinlashishiga turtki berishi tayin.