Andrey Kanchelskis “Qo`qon-1912” bilan o`yindan keyingi fikrlari uchun tushuntirish berdi

Superliganing 1-turi doirasidagi “Navbahor” — “Qo`qon-1912” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida Namangan jamoasi ustozi Andrey Kanchelskis bildirgan fikrlar futbol jamoatchiligi orasida tushunmovchiliklarga sabab bo`ldi. Bunda rossiyalik mutaxassis O`FA ishlash tizimini tushunmayotgani ortidan tanqidiy fikrlar bildirgani ko`rinib qolgandi.

 Professional futbol ligasi mazkur holatni bosiqlik bilan qabul qildi hamda ishni O`FA qo`mitalariga oshirishga shoshilmadi. Aksincha, Kanchelskis bilan bir necha kundan so`ng bog`lanib, mazkur masala yuzasidan izoh so`radi.  

  “Bilasizmi, 1-tur o`yinini mezbon bo`la turib, o`z maydonimizda o`tkazmaganimiz kayfiyatimizni biroz buzdi. Qolaversa, chempionatni g`alaba bilan boshlamoqchi edik. Lekin yakunda “Qo`qon-1912” bilan durang o`ynadik. Buning ortidan matbuot anjumani vaqtida kayfiyatim joyida emasdi. Hayajon sabab fikrlarimni biroz qo`pol tarzda bayon etib yubordim. Aslida esa aynan kimnidir yoki O`FAni tanqid qilish niyatida emas edim. Qizishib aytgan so`zlarim uchun futbol jamoatchiligidan uzr so`rayman”, — dedi Kanchelskis.

 Qayd etish kerak, Professional futbol ligasi o`z maydonida ulkan o`zgarishlar qilayotgan “Navbahor” futbol klubining mehnatlarini qadrlaydi. Shuning uchun ham mazkur jamoaga o`z uy uchrashuvlarini vaqtinchalik istalgan stadionda o`tkazish imkoniyati taqdim etildi. “Navbahor” stadionining yangi ko`rinishi qachon tayyor bo`lishi ham, mazkur jamoa aynan qaysi stadionda o`ynashni ixtiyor etishi ham O`zPFL yoki O`FAning qo`lida emas. Bundan kelib chiqadiki, bosh murabbiy tomonidan bildirilgan keskin fikrlar ko`proq jamoa rahbariyatiga tegishlidir. 

  “Ayni paytda PFL barcha maydonlar ideal holatda bo`lishini talab etmoqda va bu juda to`g`ri fikr. Ushbu tashabbusni to`la qo`llab-quvvatlayman. Evropada, xususan, Angliyada faoliyat olib borgan kishi sifatida aytishim mumkinki, yaxshi holatdagi maydonda futbolchi ham rohatlanib to`p suradi. Shuning uchun uy stadionimiz imkon qadar tez muddat ichida tayyor bo`lishini hamda jamoamiz ishqibozlarini chiroyli g`alabalar bilan xushnud etishini istayman”, — deb fikrida davom etdi murabbiy.

 O`zPFL Kanchelskis tomonidan bildirilgan mazkur fikrlarni qo`llab-quvvatlaydi. Shuningdek, bir yil muqaddam Superliganing bir qator klublari aynan “Navbahor” stadioni masalasida qiyinchilikka duch kelgani, biroq PFL talabi bilan o`yinlar namanganlik muxlislar ko`z o`ngida o`tishini talab qilganini eslab o`tishni joiz deb hisoblaydi. “Navbahor” rahbariyati bundan to`g`ri xulosa chiqarib, vaziyatni yaxshilash yo`lidan yurayotgani yoqimli holat. Ta`mirlash ishlari yakuniga qadar esa klub mutasaddilari evropalik murabbiyga holatni to`liq tushuntirib berishlari kerak bo`ladi.

 

Professional futbol ligasi maydoni ayni paytda uchrashuvlarni qabul qilishga tayyor bo`lmagan jamoalarga stadion tanlash huquqini taqdim etdi. Shu boisdan “Navbahor” — “Qo`qon-1912” uchrashuvi Toshkentdagi TTYMI stadionida bo`lib o`tdi. Boisi, Namangandagi stadion ham, “Qo`qon-1912” uy stadioni ham ayni damda yangi mavsumga to`liq tayyor emas edi. Namanganliklar shu sabab o`z uy uchrashuvini Farg`onadagi “Istiqlol” stadionida o`tkazish niyatida edilar. Yakunda esa “Navbahor” “Istiqlol” stadioni emas, balki TTYMI stadioni bilan kelisha oldi va natijada “lochinlar” ilk tur o`yinini Toshkentda o`tkazishdi. “Navbahor” va “Istiqlol” stadioni o`rtasidagi kelishuv nima sababdan amalga oshmagani yuzasidan ham “Navbahor” futbol klubi izoh berishi kerak, PFL emas. 

O`zPFL Kanchelskis tomonidan hayajon sabab aytilgan fikrlarga keyinchalik tuzatish kiritildi, deb hisoblaydi. Shuningdek, ta`mirlash ishlari davom etayotgan bir qator stadionlarda ish yakuniga etguniga qadar futbol muxlislari va OAV vakillaridan masalaga bosiqlik bilan yondoshishni so`raydi. Yana bir necha kunlardan so`ng Superliganing bir qator stadionlarida ijobiy o`zgarishlar bo`layotganiga guvoh bo`lish mumkin. Shu bilan birgalikda O`FA hamda O`zPFL asossiz tanqid qilingani holatida futbolchi yoki murabbiylar ishini Tartib-intizom hamda etika masalalari bo`yicha javobgar qo`mitalar ko`rib chiqishini eslatib o`tamiz. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb