
O`zbekiston Professional futbol ligasi majlislar zalida Superliga klublari marketing bo`limi xodimlari uchun seminar bo`lib o`tdi.
Seminar Osiyo Futbol Konfederatsiyasining strategik rejalashtirish, marketing va infratuzilma masalalari bo`yicha yo`riqchisi Elnur Mamedov hamda OFKning Ligalarni rivojlantirish qo`mitasi Markaziy va Janubiy Osiyo bo`yicha vakili Yogesh Desai tomonidan o`tkazildi.
Unda klublarda marketing bo`yicha olib boriladigan chora-tadbirlar, muxlislarni stadionlarga jalb qilish, homiylar bilan ishlash, buning uchun ahamiyat qaratish kerak bo`lgan jihatlar haqida so`z yuritildi.
Professional futbol ligasi homiy tashkilotlar bilan ishlash borasida oxirgi 2 yil ichida katta o`sishga erishgani, natijada 2 yildan beri Superliga titul homiyga ega bo`layotgani, qolaversa, teletranslyatsiyalar sifati oshib, futbol jamoatchiligining milliy chempionatimizga qiziqishi va e`tibori ortayotgani OFK vakillari tomonidan alohida ta`kidlandi.
Seminarda ko`rilgan asosiy masalalar – Superliganing har bir klubi homiy tashkilotlar bilan yanada yaqin aloqalarni yo`lga qo`yishida e`tibor qaratilishi lozim bo`lgan jihatlar, shuningdek, klublar ishqibozlari sonini ko`paytirish, stadionga tashrif buyuradigan muxlislar sonini orttirishda klubning o`z brendiga ega bo`lishi muhim ekani muhokama etildi. Jumladan, klub o`z brendini rivojlantirishda birinchi galda chiroyli va e`tiborni tez tortadigan logotipga ega bo`lishi, o`z timsoli, maskot va madhiyasiga ega bo`lishi, maskot uchrashuvlar vaqtida ishqibozlarni yanada ruhlantirib, sevimli jamoalarini qo`llab-quvvatlashga undashi, klub madhiyasi esa barcha tomonidan jo`r bo`lib kuylanishi va stadionda o`yin oldidan va tanaffus vaqtida jarang sochishi lozimligiga alohida urg`u berildi. Yana klublarning do`konlari faqatgina o`yin kuni emas, balki hafta davomida faoliyat ko`rsatishi klubning o`z ishqibozlari bilan yaqinlashishiga sabab bo`lishi ta`kidlandi.