Bugun — 9 mart sanasida “So`g`diyona” va “Bunyodkor” klublarining U-21 jamoalari 1-tur doirasida maydonga tushishi kerak edi.
Ayni vaqtda “So`g`diyona” o`rinbosarlari to`p suradigan majmuada ta`mirlash ishlari davom etmoqda. Professional futbol ligasi o`yingohlarda rekonstruktsiya ishlarini olib borayotgan jamoalarga imkoniyat berayotgani barchaga ma`lum. Shundan kelib chiqib, “So`g`diyona” U-21 va “Bunyodkor” U-21 jamoalari o`rtasidagi bellashuv sun`iy qoplamali stadionda bo`lib o`tadi.
Uchrashuv komissari Jahongir Rahmatullaev o`yin o`tishi kerak bo`lgan maydonda ayrim kamchiliklarni aniqladi. Xususan, darvoza to`rlari, ustun va to`sinlaridagi kamchiliklarni ko`z bilan bemalol ilg`ash mumkin edi. Shuningdek, sun`iy qoplamada ham muammolar bor.
Komissar talabi bilan darvozalarga yangi to`r olib kelindi, ustun va to`sinlardagi hunuk manzaralar bartaraf etildi. Biroq qoplamani bir kunning o`zidayoq tartibga keltirishning imkoniyati yo`q.
“So`g`diyona” jamoasi U-21 jamoasi to`p suradigan maydon qachon to`liq ta`mirdan chiqishi aniq emas. Shundan kelib chiqib, Professional futbol ligasi “So`g`diyona” klubining oldiga jiddiy talab qo`ydi. Klubning keyingi uy uchrashuviga qadar yo sun`iy maydondagi muammolar to`liq bartaraf etilishi kerak yoki U-21 jamoalar uchrashuvni asosiy maydonda o`tkazadi. Shuningdek, zaxira maydonidagi ta`mirlash ishlari eng kamida birinchi davra yakuniga qadar bitishi kerak.
“So`g`diyona” klubi rahbariyati O`zPFL talabini qabul qildi va navbatdagi uy uchrashuviga qadar kafolat xati taqdim etdi. Bu kabi holatlar qolgan klublar uchun ham o`rnak o`rnida xizmat qilishi kerak. Joriy mavsumdan e`tiboran U-21 jamoalarga bee`tibor bo`lgan klublarni jiddiy sanktsiyalar kutadi. Agar U-21 jamoalar ishtirokidagi ikki uchrashuv o`z vaqtida bo`lib o`tmasa, u holda asosiy jamoa ham ligadan chetlashtirilishi mumkin.