Bugun “Qizilqum” futbolchilari yangi mavsumning ilk uchrashuvini Navoiyda “Andijon”ga qarshi boshlashadi. Navoiyliklar sardori Erkin BOYDULLAEV yangi mavsum haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
-Jamoamiz yangi mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko`rdi. Dastlab Navoiy va Toshkentda, keyin esa Turkiyada o`quv-mashg`ulot yig`inini o`tkazdik. Antaliyadagi yig`in davomida kuchli raqiblar bilan kuch sinashdik. Bu o`yinlar jamoaviy o`yinimizni kuchayishiga xizmat qildi. Yangi 2019 yilgi mavsumda maqsadimiz har bitta bahsda g`alaba qozonib, maksimal natijaga erishish va muxlislarni xursand etish.
-“Andijon” kichik tanaffusdan so`ng, yangi kuch, yangi ishtiyoq bilan Superligaga qaytdi. Jamoa muxlislari ham futbolni sog`ingan. Ular o`z jamolarini yaxshi qo`llab-quvvatlashadi. Yaxshi futbolchilardan tashkil topgan jamoa. Dastlabki to`rt-beshta turda barcha jamoalar deyarli bir xil imkoniyatda, bir xil vaziyatda bo`ladi. Jismoniy tayyorgarlik ham maromida bo`ladi va so`nggi daqiqalargacha kurashishadi. Shu bois har bir o`yin muxlislarga ham shiddatli kurashni taqdim etadi, deb o`ylayman.