Coca Cola Superliga-2019 1-tur uchrashuvlari doirasidan o`rin olgan “Paxtakor” — “Lokomotiv” uchrashuvi 8 mart, juma kuni bo`lib o`tishi belgilangan edi.
Mazkur ikki klub xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilayotganidan xabaringiz bor. Osiyo Chempionlar ligasini muvaffaqiyatli boshlagan jamoalarimiz ilk turda 1 durang va 1 g`alaba qayd etishdi. “Lokomotiv” o`z maydonida “Al Vahda”ni mag`lubiyatga uchratgan bo`lsa, “Paxtakor” safarda “Persepolis” bilan durang qayd etdi.
Qayd etish joizki, kelasi haftada ham mazkur jamoalar xalqaro maydonda rasmiy uchrashuvlarini o`tkazadi. “Lokomotiv” 11 mart kuni Qatarda “Al Rayyan” mehmoni bo`lsa, “Paxtakor” uyda 12 mart kuni Saudiyaning “Al Ahli” jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Har ikki jamoamizning OChL doirasida 1 hafta davomida 1 ta safar va 1 ta uy o`yini o`tkazishi, mazkur o`yinlar oralig`ida futbolchilarning jismonan toliqmasdan, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishini ta`minlash maqsadida “Paxtakor” jamoasining murojaatiga asosan Coca Cola Superliga 1-tur uchrashuvlari doirasidan o`rin olgan “Paxtakor” — “Lokomotiv” uchrashuvi 16 mart – zaxira kuniga ko`chirildi.