
Coca Cola kompaniyasi bilan kelishuvga erishgan Professional futbol ligasi Superliga klublari uchun navbatdagi engillikni yaratishga qaror qildi. Sir emaski, Superliganing 2019 yilgi mavsumi 8 mart sanasidan start oladi.
8 mart qanday kun ekani barchaga ma`lum. 2018 yilgi mavsumda Superliga klublari asosiy jamoa uchun 500 million so`m, ayollar va futzal jamoalari uchun esa 50 million so`mdan badal puli to`lagan. PFL 2019 yilda bu summani oshirmaslikka qaror qilgandi. Endi esa uni kamaytirish yo`liga o`tadi. Birinchi galda ayollar futbol jamoalari uchun badal pullari bekor qilinadi.
“Pepsi bilan kelishuv bizga katta yordam berdi. U orqali bir qator muammolarimizni echishga harakat qildik. Endi esa qadamni yanada jiddiyroq tashlash imkoniyati tug`ildi. Coca Cola bilan homiylik bizga o`z maqsadlarimiz sari yanada tezroq qadam bosish uchun turtki bo`ladi. Shundan kelib chiqib, boshlanishiga ayollar futbol klublarini badal pullaridan ozod qildik”, — dedi bu haqda Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G`ofurov.
“Bu bilan to`xtab qolish niyatimiz yo`q. Boshlagan ishimizni davom ettira olsak, kelasi mavsumdan endi badal pullarini kamaytirish, ba`zi klublarni umuman badal pullaridan ozod qilishgacha borishimiz mumkin. Biz klublarga o`z aravasini bosqichma-bosqich o`zi torta olish yo`lida ham o`rnak bo`lishni istaymiz”, — deb so`ziga yakun yasadi Omon G`ofurov.
Ma`lumot uchun, PFL bunga qadar hakamlar, inspektorlar va komissarlarning klublar bo`ynida bo`lgan chiqimlarini ham o`z gardaniga olgandi. Shuningdek, joriy mavsum PFL Superliga klublari futbolchilarining 10 millionlik sug`urta polislari xarajatlarini ham o`z yonidan to`lab beradi.