
Bugundan Malayziya poytaxti Kuala Lumpur shahrida joylashgan Osiyo Futbol Konfederatsiyasi bosh qarorgohida OFKning klublarni litsenziyadan o`tkazish bo`yicha seminari ish boshladi.
28 fevral – 1 mart kunlari bo`lib o`tadigan mazkur seminarda qit`amiz futbol uyushmasiga a`zo 43 ta mamlakat futbol federatsiyalari hamda futbol ligalari vakillari, shuningdek, klublarning litsenziyalash bo`yicha menejerlari bilan bir qatorda FIFA, UEFAva CAFning mutaxassislari ishtirok etishmoqda.
Seminar kun tartibidan o`rin olgan asosiy masala – futbol klublari ish faoliyati va infratuzilmasini yaxshilashda litsenziyadash jarayoni ahamiyati yuqori ekani va ortda qolgan 2018 yilgi mavsumda klublarni litsenziyadan o`tkazish jarayonida ko`zga tashlangan yutuq va kamchiliklarni muhokama etib, yangi mavsumda Evropa va jahon tajribasidan unumli foydalanish sanaladi.
Seminarda ishtirok etgan OFK bosh kotibi – janob Vindzor Jon so`nggi yillarda qit`amizning barcha mamlakatlarida ham klublarni litsenziyash jarayoni muhimligiga e`tibor qaratilayotganidan mamnun ekanini bildirib, litsenziyalash talablari yuqori bo`lishi klublarning yaxshi infratuzilmaga ega bo`lishini ta`minlashini alohida qayd etdi.
Ta`kidlash joiz, mazkur seminarda OFKning klublarni litsenziyadan o`tkazish ishlarini muvofiqlashtirish qo`mitasi a`zosi sanaluvchi O`zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G`ofurov ham ishtirok etmoqda.
Seminarning birinchi kunida asosan FIFA vakillari litsenziyalash jarayonining nozik jihatlari haqida batafsil ma`lumot berishdi. Ertaga esa ushbu jarayon qita`miz ligalarida qanday amalga oshirilayotgani, undagi yutuq va kamchiliklar muhokama etilishi ko`zda tutilgan.