“O`zbekinvest” eksport-import milliy sug`urta kompaniyasi bilan homiylik shartnomasi imzolagan Professional futbol ligasi PEPSISuperliga klublariga navbatdagi engillikni yaratib beradi.
Ma`lumki, futbolchilarning maydonda jarohat olmasliklarini hech kim kafolatlay olmaydi. Yaqindagina yorug` dunyo bilan xayrlashgan sobiq futbolchi Sirojiddin Sayfiev bilan ro`y bergan voqea barcha uchun saboq bo`lishi kerak. Shundan kelib chiqib Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsumda futbolchilarni sug`urtalash masalasiga jiddiy e`tibor qaratadi.
Birinchi qadam sifatida PFL har biri 45 nafardan futbolchiga ega bo`lgan 14 klub a`zolarini bepul sug`urtalab beradi. Bunda “O`zbekinvest” har bir futbolchiga 10 million so`mlik sug`urta polislarini taqdim etadi. Uning yordamida futbolchilar ehtimoliy jarohatlari uchun moddiy ta`minotga ega bo`ladi. Mashg`ulot yoki o`yin vaqtida olingan jarohatni davolash uchun sarf etiladigan summa 10 million so`mdan ko`prog`ini talab qilsa, PFL tomonidan ishlab chiqilgan yangi shartnomalarga ko`ra qolgan chiqimlar klub tomonidan qoplab beriladi.
Professional futbol ligasi bunda Superliga klublari qoshida faoliyat olib borayotgan ayollar va futzal jamoalari a`zolarini ham unutmaydi. Ular ham bepul taqdim etilgan 10 million so`mlik polislarni qabul qilib oladi.
Ma`lumot uchun, Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsum uchun badal pullarini oshirmadi. Qo`shimchasiga, shu vaqtga qadar klublar gardanida bo`lgan hakamlar, inspektorlar, komissarlar uchun barcha sarf-harajatlarni o`z bo`yniga oldi. Litsenziyalash talablarini og`ishmay bajarayotgan quyi liga klublariga ham PFL yuqoridagi kabi sug`urta polislarini bepul olib berishni rejalashtirgan.