Superliganing 2019 yilgi mavsumida 14ta klub ishtirok etadi. O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi Litsenziyalash qo`mitasi “Surxon” hamda “Dinamo” klublariga shartli ravishda Superliga yo`llanmasini taqdim etdi.
O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hududlarda futbolni rivojlantirish yo`lida jonbozlik ko`rsatayotgan viloyat hokimlarini qadrlaydi. Bungacha Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kabilar viloyat futbolini rivojlantirish yo`lida katta hamjdagi ishlarni amalga oshirayotgandi. Ortda qolgan bir necha oy davomida esa Surxondaryo va Samarqand viloyatlari hokimlari ham O`FA bilan to`laqonli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
“Surxondaryo viloyati bir necha yillar davomida katta futboldan uzoqda qoldi. Erkinjon Turdimov mazkur viloyatga rahbar etib tayinlangach, viloyat futbolida ijobiy o`zgarishlar kuzatila boshlandi. Ayni vaqtda “Surxon” futbol klubi Litsenziyalash qo`mitasi ilgari surgan barcha talablarni bajardi. Viloyatdagi bosh stadionni ta`mirlashda ayni vaqtdagi hokim Bahodir Po`latov ham o`z yordamini ayayotgani yo`q. Erkinjon Turdimovning o`zi esa endilikda Samarqand viloyatida futbolni ko`tarish ishlarini boshlab yubordi. Mazkur ishlar O`zbekiston futbol assotsiatsiyasining e`tiboridan chetda qolmaydi. Shuningdek, har ikki viloyatda millionlab futbol muxlislari katta futbolni sog`inib qolgani uchun ham “Dinamo” va “Surxon”ga shartli ravishda Superliga yo`llanmasini taqdim etish bo`yicha qaror qabul qilindi”, — deb mazkur holatga o`z munosabatini bildirdi O`FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov.
Bungacha Professional futbol ligasi 12ta klub ishtirok etishi uchun mo`ljallangan format va reglamentni taqdim etib ulgurgandi. Keyinroq bu masala Litsenziyalash qo`mitasi va O`FA Ijroqo`mi a`zolari o`rtasida tahlil qilindi. Unda qator fikrlar bildirildi, jamoalar sonining oshishi munozaralarga sabab bo`ldi. Yakunda O`FA Ijroqo`mi Professional futbol ligasiga yangi talab bo`yicha ayrim bandlari o`zgartirilgan reglamentni tasdiqdan o`tkazish uchun bir hafta muhlat belgiladi. Qo`shimchasiga, bugun — 25 fevral kuni bo`lib o`tadigan Superliganing 2019 yilgi mavsumi uchun qur`a tashlash marosimida “Surxon” va “Dinamo” vakillari ham ishtirok etishiga ruxsat berdi.
“Chempionat startiga bir necha kun qolganda shunday qaror qabul qildik. Bungacha Superliganing 12ta klubini o`z talablarimiz bo`yicha ishlashga unday oldik. Endi esa yana ikki klub ularga etib olish yo`lida mehnat qiladi. Bizning maqsadimiz iloji boricha kattaroq hududlarni futbol bilan qamrab olish, iloji boricha ko`proq muxlislarni futbolga qaytarishdan iborat. Mana shunday katta maqsadlar yo`lida reglamentlardagi kichik o`zgarishlargacha borishga tayyormiz”, — dedi Umid Ahmadjonov.
Superliganing yangi formati va uning atrofidagi qolgan jarayonlar haqida Professional futbol ligasi rasman ma`lumot beradi.
Manba: www.ufa.uz