PEPSI 2019 yilda ham O`zbekiston Superligasiga titul homiy bo`ladi

Xabaringiz bor, Professional futbol ligasi har tomonlama tomoshabop va raqobatga boy milliy chempionat tashkil etish, Superliga brendini ommalashtirish, keng jamoatchilikda o`zbek futboliga bo`lgan e`tiborni oshirish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

O`tgan mavsum o`zbek futboli tarixida birinchi marta O`zbekiston Superligasi o`zining titul homiysiga ega bo`lganini bilasiz. Dunyoga mashxur PEPSI kompaniyasi Superligaga titul homiy bo`lish taklifini o`rtaga tashladi va yakunda O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda PEPSI kompaniyasi o`zaro manfaatli hamkorlik bo`yicha shartnoma imzolashdi. Natijada 2018 yilgi mavsumda Superliga uchrashuvlari payti PEPSI brendi o`yin o`tadigan stadion, uning atrofi hamda televidenieda muvaffaqiyatli reklama qilindi.

Ortda qolgan 2018 yilgi mavsum davomida Professional futbol ligasi o`zini yaxshi hamkor ekanini ko`rsata oldi. Qolaversa, 2018 yilda milliy chempionatimiz o`yinlari avvalgi yillardan farqli o`laroq tashkilotchilik va tomoshaboplik jihatidan oldinga qadam tashladi. O`yinlar translyatsiyasi soni ortdi. Natijada Superliga uchrashuvlariga muxlislarning o`rtacha tashrifi soni deyarli 2 barobarga o`sishi kuzatildi.

Bunday ko`rsatgichlar yurtimizda faoliyat olib borayotgan qator tashkilot va kompaniyalarni befarq qoldirmadi. Professional futbol ligasi 2018 yil yakuniga kelib, Superligaga titul homiylik qilish bo`yicha bir nechta manfaatli takliflar qabul qildi. Shular qatorida PEPSI kompaniyasi ham 2018 yilgi hamkorlik ikki tomon uchun ham samarali ko`rinish olganini e`tirof etib, o`zaro hamkorlikni 2019 yilda ham davom ettirish istagini bildirdi.

O`zbekiston Professional futbol ligasi o`z o`rnida PEPSI kompaniyasining milliy futbolimizga bo`lgan e`tibori, ichki chempionatimiz yuqori divizioniga 2018 yilda birinchi bo`lib titul homiy bo`lish istagini bildirgani va ortda qolgan yilda o`zaro hamkorlikni mustahkamlash yo`lida Professional futbol ligasining barcha tashabbuslarini qo`llab-quvvatlaganini inobatga olib, aynan PEPSI brendining Superligaga 2019 yilda ham titul homiy bo`lishiga qaror qildi. 

Shu tariqa, PEPSI 2019 yilda ham Superligaga titul homiylik qilishda davom etadi. Chempionat nomi esa barcha manbalarda PEPSI Superliga deya ko`rsatiladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb