
Yangi mavsumga qizg`in hozirlik olib borayotgan O`zbekiston Professional futbol ligasi milliy chempionatimiz uchrashuvlari ommabop va tomoshabopligini oshirish, Superliga brendini yanada ommalashtirish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirish arafasida turibdi.
Ularning dastlabkilaridan biri yangi – 2019 yilgi mavsumdan boshlab Superliga uchrashuvlari teletranslyatsiyasi sifati va ko`rinishini yangi darajaga olib chiqish, uchrashuvlar televizor orqali efirga uzatilganda foydalaniladigan teleeffektlar hamohang va mutanosibligini ta`minlash orqali milliy chempionatimizning bir xil shakldagi hamda tanib olish oson bo`lgan teleeffektlardan iborat shablonini yaratishdir. Ya`ni, milliy chempionat o`yinlari translyatsiyasi boshlanayotganda jamoalar tarkiblari xuddi Evropaning etakchi milliy birinchiliklarida bo`lgani kabi bir xil andoza asosida futbolchilarning harakat orqali chiqib kelishi ko`rinishida berib boriladi. Qolaversa, takroriy lavhalar va o`yin hisobi namoyish etiladigan teleeffektlar bir xil ko`rinishda bo`lishi ham ko`zda tutilgan.
Shu maqsadda O`zPFL tomonidan yangi tashkil etilgan telestudiyada fotosessiya va videoshuting jarayoni bo`lib o`tayotgani va klublar birma-bir ushbu studiya mehmoni bo`layotgani haqida oldinroq xabar bergan edik.
Mazkur videoshuting davomida jamoalarning tarkiblari TV orqali tanishtirilishi uchun olingan videolavhalar yakunda milliy chempionatimiz o`yinlarini teletranslyatsiya qiluvchi Sport telekanaliga taqdim etilmoqda.
O`zbekiston Superkubogi-2019 uchrashuvi davomida yangi mavsum uchun ishlab chiqilayotgan teleeffektlar ilk bor sinab ko`rildi.
O`z o`rnida Professional futbol ligasining ushbu tashabbusini qo`llab-quvvatlayotgan Sport telekanali rahbariyatiga buning uchun minnatdorchilik izhor etamiz.